Sifatli pishloqni xarid qilishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

    Bilasizmi? 20 Noyabr 2020 2410

    Odatdagi ruknimizni davom ettirgan holda, bu safar ham aholi keng isteʼmol qiladigan va taom tayyorlashda foydalanadigan pishloq mahsulotini ekspertizadan oʻtkazishga qaror qildik.

    Sifatli pishloq qanday talablarga javob berishi kerak va uni xarid qilishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

    Odatdagidek, shu kabi savollarga javob topish uchun Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan chakana savdoda sotilayotgan ushbu mahsulot namunalarining nazorat xaridi amalga oshirildi va akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratorilariga ekspertiza uchun yuborildi. Nazorat xaridi uchun tanlab olingan pishloq namunalari quyidagilar:

    • “Cream Cheese” eritilgan qaymoqli pishloq, “Cream Mega Cheese” XK, Oʻzbekiston;
    • “Xanskiy” qaymoqli pishloq, “FATIH KRAL MOB” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Asl Baraka” eritilgan qaymoqli pishloq, “Mega Star Food” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Sultan” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “GRAF” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “Hochland” eritilgan qaymoqli pishloq, “Xoxland Russland” MCHJ, Rossiya;
    • “ALSAFI” eritilgan qaymoqli pishloq, “Bio Natural Food” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Laskovoye leto” eritilgan pastasimon qaymoqli pishloq, “Savushkin produkt” OAJ, Belarus;
    • Eritilgan kolbasasimon pishloq, “CHEESE PARADISE” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Alinka” eritilgan pishloq, “Best Cheese Production” MCHJ, Oʻzbekiston.

    EKSPERTIZA NATIJALARI XAQIDA

    Pishloq namunalari “UzTest” DUK va Sanitariya-epidemiologiya xizmati akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarida Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament talablariga muvofiqligi boʻyicha sinovdan oʻtkazildi.

    SOGʻLIQQA ZARARI

    Quyidagi namunalar mikrobiologik koʻrsatkichlar (bakteriyalarning mavjudligi) boʻyicha talabga javob bermasligi maʼlum boʻldi:

    • “Xanskiy” qaymoqli pishloq, “FATIH KRAL MOB” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Sultan” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “GRAF” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “Alinka” eritilgan pishloq, “Best Cheese Production” MCHJ, Oʻzbekiston;

    Taʼkidlash joizki, ushbu namunalar xavfsizlik koʻrsatkilari boʻyicha talabga javob bermaydi, yaʼni bu inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin.

    Tashqi koʻrinishi va zichlik darajasi boʻyicha faqatgina bir mahsulot namunasi qoniqarsiz natijani qayd etdi, bu namuna:

    Eritilgan kolbasasimon pishloq, “CHEESE PARADISE” MCHJ, Oʻzbekiston.

    QURUQ JISMDAGI YOGʻNING UMUMIY HISSASI – …%

    Ushbu iborani turli hil pishloq va pishloqli mahsulotlar qadogʻida yirik harflar bilan yozilganligini koʻrish mumkin. Nuqtalar oʻrnida 50 dan 60 gacha boʻlgan istalgan raqam boʻlishi mumkin. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha quyidagi savdo nomlari ostidagi mahsulotlar ekspertizadan oʻtmadi:

    • “Cream Cheese” eritilgan qaymoqli pishloq, “Cream Mega Cheese” XK, Oʻzbekiston – 46%;
    • “ALSAFI” eritilgan qaymoqli pishloq, “Bio Natural Food” MCHJ, Oʻzbekiston – 49%;
    • “Laskovoye leto” eritilgan pastasimon qaymoqli pishloq, “Savushkin produkt” OAJ, Belarus – 43%;
    • Eritilgan kolbasasimon pishloq, “CHEESE PARADISE” MCHJ, Oʻzbekiston – 79,6%;
    • “Alinka” eritilgan pishloq, “Best Cheese Production” MCHJ, Oʻzbekiston – 67%.

    10 TA NAMUNANING 7 TASIDA OʻSIMLIK YOGʻLARI ANIQLANDI

    Ekspertlar tomonidan eritilgan pishloq mahsulotiga tabiiy boʻlmagan (sutdan olinmagan) yogʻlar qoʻshilganligi ham tekshiruvdan oʻtkazildi, oʻrnatilgan standartlarga muvofiq, eritilgan pishloq tarkibida, boshqa sutli mahsulotlardagi kabi, oʻsimlik asosdagi yogʻlar boʻlishi mumkin emas. Oʻrganish natijalariga koʻra, 7 ta mahsulot namunasida nomuvofiqlik aniqlandi:

    • “Cream Cheese” eritilgan qaymoqli pishloq, “Cream Mega Cheese” XK, Oʻzbekiston;
    • “Xanskiy” qaymoqli pishloq, “FATIH KRAL MOB” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Asl Baraka” eritilgan qaymoqli pishloq, “Mega Star Food” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Sultan” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “GRAF” qaymoqli pishloq, “AL-FAYZ CHEESE” XK, Oʻzbekiston;
    • “ALSAFI” eritilgan qaymoqli pishloq, “Bio Natural Food” MCHJ, Oʻzbekiston;
    • “Alinka” eritilgan pishloq, “Best Cheese Production” MCHJ, Oʻzbekiston.

    Ekspertlarda savol tugʻildi: nima uchun biror-bir ishlab chiqaruvchi mahsulot qadogʻida pishloq tarkibida oʻsimlik moyi va yogʻini koʻrsatmagan? Bu holat isteʼmolchini toʻgʻridan-toʻgʻri aldash boʻlib, ushbu mahsulot pishloq deb hisoblanishi mumkin emas.

    Va nihoyat, “AL-FAYZ CHEESE” XKning “GRAF” qaymoqli pishloq mahsuloti namlik darajasi boʻyicha 28,5% koʻrsatkichni qayd etdi, reglament talablariga koʻra 40 dan 60% gacha oraliqda boʻlishi lozim.

    QAYSI NAMUNA EKSPERTIZADAN MUVAFFAQIYATLI OʻTDI?

    Barcha oʻrnatilgan talablarga faqatgina bir mahsulot namunasi javob berishi aniqlandi – “Hochland” eritilgan qaymoqli pishloq, “Xoxland Russland” MCHJ, Rossiya.

    Yuqoridagi mahsulotlar namunalarini sinovdan oʻtkazish natijalari boʻyicha maʼlumotlar kamchiliklarni bartaraf etish hamda muvofiqlik sertifikatini toʻxtatish va zarur hollarda bekor qilish uchun tegishli vakolatli organlarga yuborildi.

    Hurmatli Isteʼmolchilar, Agentlik tomonidan oʻtkazilayotgan ekspertiza natijalariga alohida eʼtibor berishingizni hamda faqatgina xavfsiz mahsulotlarni xarid qilishingizni tavsiya qilamiz.