Bugungi kunda jahon miqyosida rivojlanib borayotgan texnologiyalar ta'lim sohasida, xususan pedagog kadlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan bog'liq jarayonlarda jiddiy o'zgarishlarni talab qilmoqda. Ayniqsa, tibbiyot mutaxassislarining chet tillarini bilishlari va ularning ham kasbiy ham ilmiy bilimlarini oshirishda muhimdir. Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarini o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qaroriga mos ravishda TTA xuzuridagi pedagog kadlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq markazi o'quv jarayonlarini boshidanoq tibbiyot sohasi mutaxassislarining chet tillarini, xususan ingliz tilini bilishlari uchun keng ko'lamli ishlar olib borildi. Ya'ni “Amaliy xorijiy til” moduli bo'yicha tibbiyot mutaxassisligiga yo'naltirilgan ingliz tili ishchi dasturi ishlab chiqildi va nazariy hamda amaliy mashg'ulotlar tashkil etildi. Ingliz tilini maxsus maqsadlarda o'rganish ehtiyojlarini aniqlashda quyidagilar asos sifatida olindi: tinglovchining ayni vaqtda til bilish darajasi; tinglovchining zaif tomonlari; tinglovchining til bilishdagi xohish istaklari; mutaxassisning ingliz tiliga kasbiy extiyoji. Shularni hisobga olgan holda, tinglovchilar bilan maxsus akademik maqsadlarda ingliz tili bilan shug'ullanishni o'z oldiga muayyan soha bo'yicha ilmiy-kasbiy terminologiyani o'rgatish, ilmiy adabiyotlarni o'qish, tushunish, tahlil qila olish, ilmiy maqolalar yozish va xalqaro konfrentsiyalarda ma'ruzalar qila olishni, shuningdek sohaga oid eng so'ngi ma'lumotlar bilan tanishishga ko'maklashishni maqsad qilib qo'ygan.

Yuqoridagi qarorga binoan pandemiya davrida xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda ZOOM platformasi orqali “Maxsus maqsadlarga yo'naltirilgan ingliz tili moduli”dan darslar muntazam ravishda onlayn tarzda samarali olib borildi.

Zamonaviy mutaxassis jadal odimlar bilan globallashuv jarayonini bosib o'tar ekan, u albatta ikki va undan ortiq tillarni bilishi zarur. Shu sababdan tarmoq markazimizda malakasini oshirayotgan tinglovchilarni ingliz tilida zamonaviy bilimlarga ega mustaqil fikrlaydigan ijodiy tafakkur sohibi bo'lishi uchun ularga lingvistik kompetentsiya tarkibidagi tinglab tushunish (Listening), gapirish (Speaking), o'qish (Reading), yozuv (Writing) bo'yicha materiallar taqdim etilyapti. Tajribalardan kelib chiqadigan bo'lsak, tibbiyot mutaxassislariga ko'proq Speaking, Reading, Listening materiallari ularga pandemiya sharoitida ZOOM orqali xalqaro konferentsiyalarda mavzularni tinglab tushunishlariga va shu jumladan muhokamada bemalol o'z fiklarini bayon etishda samarasini beryapti. Writing esa ularning ilmiy maqolalar, xatlar, shaxsiy ma'lumotlar yozishlariga ko'mak beradi. SHuni hisobga olgan holda har bir dars davomida tinglovchilarga tinglab tushunish uchun  sohaga oid TV va radio dasturlar, gapirish uchun o'z mutaxassisligi bo'yicha taqdimotlar va shuningdek tibbiyotga oid matnlarni o'qib, umumiy mazmunini tushunish uchun materiallar taqdim etiladi.

Tibbiyotda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda professor- o'qituvchilarning o'zidan yuqori saviya talab etiladi. SHunday ekan, Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasi sog'liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha kompleks chora- tadbirlari  to'g'risida”gi farmoniga amal qilgan holatda tarmoq markazi professor o'qituvchilari barcha tibbiy mutaxassislik fanlari modullarini zamonaviy-xorijiy tajribalarga tayangan holda va shuningdek xorijiy tibbiyot ta'lim muassasalari bilan keng hamkorlik asosida olib borishadi. Tarmoq markazi proffessor-o'qituvchilarning amaliy va ko'chma mashg'ulotlarni tashkil etish uchun Toshkentdagi Akfa Medline tibbiyot markazi bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Akfa Medline tibbiyot markazida diagnostika va davolashning zamonaviy uskuna hamda jihozlariga ega, yuqori malakali tibbiyot xodimlari ishtirokida murakkab amaliyotlarni o'tkazishga mo'ljallangan, O'rta Osiyodagi eng ko'p tarmoqli tibbiyot markazi bilan muntazam ravishda hamkorlik faoliyatini yuritib kelmoqda.

Globallashuv sharoitida malaka oshirish tizimi oldiga qo'yilgan ko'p qirrali dolzarb vazifalarni, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida TTA xuzuridagi pedagog kadlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq markazi tomonidan ilk bor 2018-yil aprel oyida “O'zbekiston OTM pedagog kadrlarni malakasini oshirish tizimi: tajriba, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil qilindi. Anjumanda nafaqat O'rta Osiyo, SNG mamlakatlari, balki Amerika, YAponiya, Germaniyadan etuk mutaxassislar o'zlarining kadrlarining malakasini oshirish tizimidagi tajriba, muommalar va kelajakdagi istiqbollari haqida tajriba almashishdi. Oliy ta'lim tizimini modernizatsiyalashning ustuvor yo'nalishlari hisobga olgan holda 2022-yilning 14-aprel kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish tarmoq markazida “O'zbekiston OTM pedagog kadrlarni malakasini oshirish tizimi: tajriba, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini ikkinchi bor o'tkazilishi rejalashtirilmoqda. Anjumanni tashkil etishdan asosiy  maqsad O'zbekistonda OTM pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimi sohasida tajriba, muammolar va rivojlanish istiqbollarini haqida anjuman ishtirokchilari bilan fikr almashish va ushbu soha taraqqiyotining yangi istiqbollarini ochib berish va jadal rivojlangan ilg'or yondashuvlarni, innovatsiyalarni tadbiq qilishdir.

Xulosa o'rnida shuni aytib o'tish joizki, uzluksiz malaka oshirish pedagogikning faoliyatiga yangiliklarning izchil olib kirilishini ta'minlaydi. O'qituvchining yangilangan innovatsion faoliyati pedagogik jamoani harakatga keltiruvchi, olg'a undovchi, bunyodkorlikka rag'batlantiruvchi kuch sifatida namoyon bo'lib, ta'lim jarayonining sifatini kafolatlaydi.

G. Xazratova,

TTA xuzuridagi pedagog kadlarni qayta

 tayyorlash va ularning malakasini oshirish

 tarmoq markazi katta o'qituvchi