Oliy ta’lim tashkiloti faoliyatini sifatli va sifatsizga ajartishimiz mumkin. Agar bu faoliyat oliy ta’lim tashkilotining maqsadiga mohiyatan mos kelsa biz uni sifatli deya olamiz. Deyarli barcha universitetlarning missiyasida malakali kadrlarni tayyorlash aks etadi.
Universitetlar faoliyatida sifatni ta’minlash orqali oliy ta’lim tashkiloti talabalari, fuqarolar, jamiyatning ishonchini qozona oladi. O‘zining milliy va xalqaro reputatsiyasiga ega bo‘ladi va uni saqlab qololadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida oliy ta’lim tashkilotlarining soni keskin oshdi. O‘zbekiston yoshlarini oliy ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlari kengaydi.
Endigi vazifa universitetlar tomonidan ichki sifatni ta’minlashdir. Ichki sifat nafaqat milliy standartlar, balki xalqaro standartlarga asoslangan holda ta’minlanadi. Xalqaro standartlarni esa maqsadli joriy etish oliy ta’lim tashkiloti uchun har tominlama foydalidir. Shunga ko‘rsa, oliy ta’lim tashkilotlari oldiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat hujjatlari bilan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish vazifasi qo‘yilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oliy ta’lim tashkilotlariga xalqaro standartlarni yaqindan o‘rganish, faoliyatiga singdira olishni talab etadi.
Xalqaro akkreditatsiya universitet uchun xalqaro sifat kafolatidir. U oliygohning barcha faoliyati, jumladan boshqaruv tizimi, o‘qitishning sifati, talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi va ilmiy faoliyatning xalqaro standartlarga mosligini isbotlaydi.
Xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan universitetlar uchun dunyoning nufuzli universitetlari bilan aloqa o‘rnatish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, xorijiy talabalar va professor-o‘qituvchilarni jalb etish, O‘zbekistonni yaxshi biladigan xalqaro kadrlarning ortishiga zamin yaratadi.Xalqaro akkreditatsiya universitet faoliyatining xalqaro standartlarga javob berishinigina anglatmaydi. Bu, ayni vaqta, O‘zbekiston oliy ta’limining xalqaro nufuziga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatimizda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan universitetlar ortgani sayin xalqaro maydonda O‘zbekiston sifatli oliy ta’lim makoniga aylana oladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti ham bu jarayonlardan holi emas. Universitetda dunyoning eng nufuzli xalqaro akkreditatsiya tashkilotlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Oliy ta’limda sifatni ta’minlash agentligi (The Quality Assurance Agency for Higher Education – QAA) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Mazkur ishlarni muvofiqlashtirish va bevosita Buyuk Britaniyaning Oliy ta’limda sifatni ta’minlash agentligi, xalqaro eskpertlar bilan ishlarni olib borish uchun Transformatsiya bo‘limi tashkil etildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti uchun transformatsiya – bu universitetda ichki sifat mexanzimlarini qayta ko‘rib chiqish, ichki sifatni ta’minlash prinsiplari va mexanizmlarini Yevropa oliy ta’lim makonida sifatni ta’minlash bo‘yicha standartlar va yo‘riqnomalari talablariga moslashtirishni talab etadi.
Universitet uchun sifatni ta’minlash ̶ bu universitet faoliyatini tizimli asosda qayta koʻrib chiqish jarayoni boʻlib, u orqali tegishli yoʻnalishlarda akademik standartlarga rioya etishga ishonch hosil qilinadi hamda tegishli nizomlar, jarayonlar va protseduralar orqali tegishli faoliyatda sifat, adolat va samaradorlik saqlab turiladi va takomillashtirib boriladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti uchun xalqaro akkreditatsiyaga intilish, avvalo, o‘z faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, joriy etish kerak bo‘lgan xalqaro standartlarni eng yaxshi xalqaro amaliyotlarga asoslanib joriy etish, sifat madaniyatini ish faoliyatiga singdirish, sifat bilan bog‘liq salbiy oqibatlar bilan kurashishdan ko‘ra ularning oldini olish uchun proaktiv choralar ko‘rib borishga e’tibor qaratish imkonini berdi.
Yevropa xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari, xususan, QAA tashkiloti universitetlarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishda Yevropa oliy ta’lim makonida sifatni ta’minlash bo‘yicha standartlar va yo‘riqnomalari (The Standards and Guidelines for Quality Assurance in the European Higher Education Area – ESG)ga tayanadi. Yevropa oliy ta’lim makonida sifatni ta’minlash bo‘yicha standartlar va yo‘riqnomalari universitet faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oladi Undagi prinsiplari milliy ta’lim standartlariga zid emas, aksincha ularni boyitadi, xalqaro tajribani integratsiya qilish imkonini beradi.
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘z faoliyatini xalqaro ekspertlar ishtirokida Yevropa oliy ta’lim makonida sifatni ta’minlash bo‘yicha standartlar va yo‘riqnomalariga asosan baholashdan o‘tkazdi.
2024-yil 27-martda Universiteti Kengashi tomondan Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash (transformatsiya qilish) bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Chora-tadbirlar dasturida jami 65 ta vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi. Toshkent davlat yuridik universitetini xalqaro akkreditatsiyaga tayyorlash (transformatsiya qilish) bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etildi. Shuningek, chora-tadbirlarda nazarda tutilgan hujjatlarni ishlab chiqish uchun yettita ishchi guruhi tuzildi.
Universitetda ichki sifatni ta’minlashga qaratilgan strategik hujjatlar, nizomlar, qo‘llanmalar yaratildi. Ichki va tashqi manfaatdor tomonlar, xususan, talabalar, ish beruvchilar, bitiruvchilar bilan maslahatlashish mexanizmlari yaratildi, kollegial organlar tizimi kengaytirildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida sifatni ta’minlash haqidagi nizom sifatni ta’minlashda rahbariy hujjatga aylanib, unga barcha professor-oʻqituvchilar va xodimlar rioya qilishlari va boshqa har qanday sifatni taʼminlash jarayonlarini yaratishda undan asos sifatida foydalanilmoqda.
Qayd etish joizki, Toshkent davlat yuridik universiteti ta’limni talabaga yo‘nalgan tarzda olib borishni sifatni ta’minlashning muhim shartni ekaniga alohida e’tibor qaratadi va sifatni ta’minlashda ularni hamkor sifatida qabul qiladi. Shunga asosan, talabalarning vakilligi kengaytirildi. Talabalar vakillari universitet kengashlari va qo‘mitalari tarkibida a’zo sifatida ishtirok etmoqalar.
Xulosa sifatida aytish joizki, Toshkent davlat yuridik universitetida boshlangan transformatsiya – bu shunchaki tashkiliy o‘zgarish emas, balki sifatni ta’minlashga nisbatan yondashuvdagi muhim burilish va sifat madaniyatinining yuqori pog‘onasiga intilishdir. Bu, ayni vaqtda, xalqaro akkreditatsiyaga zamin yaratadi. Shunga ko‘ra, universitet jamoasi kelajakda Toshkent davlat yuridik universitetini xalqaro miqyosda tan olingan yuridik oliy ta’lim muassasasiga aylantirish sari ishonch bilan odimlamoqda.
Botirjon Qosimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Transformatsiya bo‘limi boshlig‘i,
yu.f.f.d., dotsent









