Jizzax viloyati Arnasoy tumani, “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi  fuqaro Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Jizzax viloyati hududiy tuzilmasiga g'isht mahsulotining sifatsizligidan shikoyat qilib murojaat qoldirgan.

Murojaat bo'yicha vaziyat iste'molchining xonadonida o'rganildi. Iste'molchining gaplariga ko'ra, 16 mln so'mga yaqin 13 ming dona g'isht mahsulotini  tumandagi “Labernum-stroy” MChJdan sotib olgan. Ammo shu orada yoqqan yomg'irdan so'ng qurilish uchun sotib olingan g'ishtlar bitta-bittadan maydalanib, sifatsiz holga kelgan. Bu haqda iste'molchi sotuvchiga murojaat qilgan, lekin  natija chiqmadi. Sotuvchining javobi bitta bo'ldi –  g'ishtning maydalanishiga ob-havoning o'zgarishi sabab bo'lgan.

O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining: 11-moddasiga muvofiq, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim.

13-moddasiga muvofiq, kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo'yicha olti oy mobaynida aniqlangan nuqsonlar bepulga bartaraf etiladi.

20-moddasiga muvofiq, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnoma munosabatlariga kirishgan-kirishmaganidan qat'i nazar, har qanday iste'molchi tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish huquqiga ega.

Agentlikning  Jizzax viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan o'tkazilgan o'rganish natijasida g'ishtlarning sifati me'yoriy hujjatlarga  nomuvofiqligi aniqlandi. Agentlik xodimlari sa'y-harakati bilan uch kun ichida iste'molchi to'lagan 16 mln yaqin so'm mablag'ning to'liq qaytarib berilishi ta'minlandi, deya xabar bermoqda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi.