Delegatsiyaga Sindao shahrining meri oʻrinbosari Lyu Szyansyun boshchilik qildi. Shuningdek, uchrashuvda hokimlikning hamda “Xitoy – SHHT” pilot mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik hududining mutasaddilari ishtirok etdi.

J. Ortiqxoʻjayev mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, oʻzbek-xitoy aloqalarining muvaffaqiyatiga davlatlarimiz rahbarlari tomonidan oliy darajada oʻrnatilgan muloqot zamin yaratganini taʼkidladi. Joriy tashrif ham Xitoy shaharlari bilan Toshkent oʻrtasidagi hamkorlikda yangi sahifa boʻlishini aytib, uni yanada mustahkamlash maqsadida shaharsozlik, obodonlashtirish, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda xalqaro forumlarni tashkillashtirish, oʻzaro madaniy muloqotni yanada jadallashtirish taklifini bildirdi.

Oʻz navbatida, Lyu Szyanszyun iliq qabul va takliflar uchun minnatdorlik bildirib, mazkur gʻoyalar Xitoy tarafining maqsad va intilishlari bilan hamohang ekanini maʼlum qildi. Toshkent shahri shunchaki poytaxt emas, balki mamlakatimizning siyosiy, ilmiy, iqtisodiy, texnologik markazi ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, Sindao port shahri va unda tashkil etilgan “Xitoy – SHHT” pilot mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik hududi haqida batafsil maʼlumot bergan mehmon, ularning xalqaro savdo-iqtisodiy koridorda muhim oʻrin egallashini aytdi.

Janob Szyanszyun gumanitar hamkorlik doirasida shaharlarimiz oʻrtasida doʻstona forumni tashkillashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik doirasida port va suv yoʻli imkoniyatlaridan foydalangan holda ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda taʼlim sohasidagi munosabatlarni jadallashtirish kabi qator takliflarni bildirdi, shuningdek, Sindao shahriga poytaxtimiz delegatsiyasining tashrifidan mamnun boʻlishini maʼlum qildi.

Bunga javoban, poytaxt hokimi taklif uchun minnatdorligini, bildirilgan barcha fikrlar Toshkent uchun ham manfaatli ekanligini aytib, hokimlik samarali muloqotga doim tayyorligini bildirdi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvdan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar va texnologiyalar transferi milliy byurosi va Xitoy-SHHT texnologiyalar transferi markazi vakillari oʻrtasida tuzilgan oʻzaro anglashuv memorandumi milliy byuro bosh direktori Olimjon Toʻychiyev va markaz direktori Chjao Szunyuan tomonidan imzolandi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.