Mukofot jamgʻarmasi 750 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 1/4 finaliga 6,5 ochko bilan 1-oʻrinni egallagan Alireza Firuzja, qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra, 6,5 ochko jamgʻarib, 2-oʻrinni band etgan Javohir Sindorov shuningdek, Fabiano Karuana (6), Magnus Karlsen (5,5), Xikaru Nakamura (5,5), Vinsent Keymer (4), Nodirbek Abdusattorov (3,5) va Gukesh Dommaraju (3,5) yoʻl oldi. Oxirgi oʻrinlarni egallagan Vladimir Fedoseyev (2,5) va Levon Aronyan (1,5) endi 9-oʻrin uchun oʻzaro raqobatlashadigan boʻldi.
Turnir nizomiga binoan, peshqadamlar 1/4 finaldagi raqiblarini oʻzlari tanlash imkoniyatiga ega. Shunga koʻra, 1-oʻrinni egallagan Alireza Firuzja germaniyalik Vinsent Keymerni, 2-oʻrin sohibi Javohir Sindorov amerikalik Hikaru Nakamurani tanladi.
Nodirbek Abdusattorov 1/4 finalda norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi dona sursa, Chorak finalning soʻnggi juftligida amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju Fabiano Karuana bilan roʻbaroʻ keladigan boʻldi.
Aytish lozim, 17-fevralga qadar turnirning 1/4 finali oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Shundan soʻng 1/2 final bahsi hamda oʻrinlar uchun musobaqalar ketma-ketligida tashkil etiladi.
Turnirda 1-oʻrinni egallagan shaxmatchi 200 ming, 2-oʻrin sohibi 140 ming, 3-oʻrin 100 ming, 4-oʻrin 60 ming, 5-oʻrin 50 ming, 6-oʻrin 40 ming, 7-oʻrin 30 ming, 8-oʻrin 20 ming, 9-oʻrin 12 ming 500, 10-oʻrin 7 ming 500 AQSH dollarini qoʻlga kiritadi.
Bugun, 9-fevral kuni 1/4 final oʻyinlari boʻlib oʻtadi.