26-27-sentyabrda mamlakatimiz shimoliga Qozogʻiston orqali Shimoliy Ural ustida shakllangan sovuq antitsiklon tarmogʻi kira boshlaydi. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyati va choʻl zonasida harorat 5-7 darajaga pasayishi kutilmoqda, shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi mumkin. Qolgan hududlarda harorat kam pasayadi. Dam olish kunlari havo harorati kechasi 8-13 daraja, kunduzi 20-25 daraja, shimoliy tumanlarda kechasi 5-10 daraja, kunduzi 15-20 darajani tashkil qiladi. Bunday harorat shu kun meʼyorlaridan 3-4 darajaga pastdir.

Keyingi haftaning birinchi yarmida butun respublika hududi ushbu sovuq antitsiklon taʼsirida boʻladi. Bu kunlarda Oʻzbekiston boʻyicha bulutlilik ortadi, mamlakatimizning tekislik hududida ob-havo yogʻingarchiliksiz boʻladi, faqat togʻoldi va togʻli hududlarda ayrim joylarga yomgʻir yogʻishi mumkin.

29-30-sentyabrda baland togʻli tumanlarda yomgʻirning qorga oʻtish ehtimoli ham bor. Sovuq front oʻtishi natijasida 28-sentyabrda butun respublika hududida shamolning tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat asta pasayadi va shu kunlarda kechasi 5-10 daraja, shimolda kechasi 2-7 daraja iliq, kunduzi 15-20 daraja iliq boʻladi. Uraldan sovuq havo kirib turishi natijasida respublika boʻyicha harorat foni oʻrtacha iqlimiy meʼyorlardan 5-7 darajaga past boʻladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya markazi.