Sintetik metan ishlab chiqaruvchi birinchi qurilma ishga tushirildi

    “Hududgaztaʼminot“ AJ va Yaponiyaning “ITO Corporation” kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida Toshkent viloyati, Angren shahrining “Yangiobod“ mahallasida yangi loyiha sinov tariqasida ishga tushirildi.

    Qayd etilishicha, ushbu loyiha doirasida “ITO Corporation” tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy texnologiya – propan va havo aralashmasidan sintetik metan gazini oluvchi qurilmalar oʻrnatildi. Ushbu sintetik metan orqali pilot hududdagi bir nechta koʻp qavatli uylarni gaz bilan taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

    “Hududgaztaʼminot“ AJ va Yaponiya kompaniyasi tomonidan loyihani yanada kengaytirish, zamonaviy uskunalarni respublika boʻylab joriy qilish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.

    Mazkur tashabbus Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi koʻmagida amalga oshirilayotgan boʻlib, Oʻzbekistonda energiya samaradorligini oshirish, zamonaviy va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan strategik yoʻnalishlarning ajralmas qismi hisoblanadi.