Sinxua universitetida oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Sinxua universiteti va Oʻzbekiston oliygohlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy tadbirlar oʻtkazish muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar Sinxua universiteti Sanʼat va dizayn akademiyasining ahamiyati toʻgʻrisida ham toʻxtaldilar. Jumladan, К.Каримов akademiyaning mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha tajribasi Oʻzbekiston uchun ham manfaatli boʻlishini qayd etib, Toshkent shahrida akademiya markazini ochish taklifini bildirdi. Tomonlar mazkur masalada hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy etish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Sinxua universiteti Standartlashtirish va texnologiyalar transferi markazi bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.