“Sirdaryo” chegara bojxona postiga zamonaviy yirik inspeksion koʻrik majmuasi oʻrnatildi

    Dolzarb 29 Sentabr 2025 397

    Majmua transport vositalarining hattoki koʻz ilgʻamas boʻshliqlariga ham shubhali obyektlar yashirilganini koʻrsatib bera oladi.

    “Sirdaryo” chegara bojxona postiga ham “Z-Portal” zamonaviy inspeksion koʻrik majmuasining oʻrnatildi, deya xabar beradi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.

    Qayd etilishicha, endi bojxona postining oʻtkazuvchanligini oshirish bilan bir qatorda bojxona rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni qisqartiradi, bojxona nazorati samaradorligini esa bir necha barobarga oshiradi.

    Post orqali joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida 84 mingga yaqin yuk avtotransport vositalari harakatlangan boʻlib, bu kuniga oʻrtacha 350-400 ta transport vositasini tashkil qiladi.

    Skaner qurilmasi AQSHning nufuzli “Rapiscan” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, uni oʻrnatish jarayonida bevosita ushbu kompaniya mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

    Inspeksion qurilmasi kam quvvatli rentgen uskunasi boʻlib, undan taraladigan nur ortga qaytish texnologiyasi asosida ishlaydi. Shu boisdan ham haydovchilar va yoʻlovchilar uchun zararsiz. Rentgen nurlari koʻmagida transport va undagi obyektlarni har tomondan tasvirga olish imkonini beradi. Bu transport vositalarining hattoki koʻz ilgʻamas boʻshliqlariga ham shubhali obyektlar yashirilganini koʻrsatib bera oladi.

    Bu esa narkotik moddalar, qurol-yarogʻ va oʻq dorilar hamda olib oʻtilishi taʼqiqlangan boshqa tovarlarni aniqlashda bojxona xodimlariga katta yordam beradi.

    Qurilma koʻmagida soatiga 200-220 ta transport vositalarini bojxona koʻrigidan oʻtkazish mumkin. Bu esa post orqali harakatlanayotgan transport vositalarining bojxona nazoratiga sarflanadigan vaqtni yanada qisqartiradi, jarayonlarni tezlashtiradi.