Sirdaryo hamda Surxondaryoda 44 ming nafardan ortiq oʻqituvchining 73 foizi oʻz fanidan qoniqarsiz baho olgan

    Ta'lim 28 Iyun 2020 4086

    «Prezident huzurida xalq taʼlimi tizimidagi islohotlarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilish davomida, maktablarda ayrim pedagoglarning bilimi zamon talabiga javob bermasligi tanqid qilingan edi. Tan olish kerak, afsuski, uzoq yillar davomida pedagoglarning bilim saviyasiga deyarli eʼtibor berilmagan. Buning oqibatida, ayrim oʻqituvchilarning bilimi hatto oʻzi dars beradigan fanlardan ham qoniqarsiz holatga kelib qolgan.

    2019/2020 oʻquv yilida Sirdaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan diagnostika sinovlari natijalari buni yaqqol koʻrsatdi. Sinovlarda qatnashgan 44 ming nafardan ortiq oʻqituvchining 73 foizi oʻz fanidan qoniqarsiz baholandi. Shuni alohida taʼkidlab oʻtishni istardikki, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida oʻtkazilgan sinovlar, ogʻriq nuqtalarni aniqlash bilan bir qatorda ijobiy tajribalarni ham belgilashga imkoniyat yaratdi», deyiladi XTV tomonidan eʼlon qilingan xabarda.

    Taʼkidlanishicha, Sirdaryo hamda Surxondaryo tajribasi asosida maktab oʻqituvchilarining bilimi va koʻnikmalarini oʻrganish ishlarini davom ettirish topshirigʻidan kelib chiqib, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Davlat test markazi tomonidan 12 ta hududda diagnostika sinovlarini oʻtkazish reja-jadvali tasdiqlangan. Sinovlar katta sigʻimli binolarda, shaffof, oliy oʻquv yurtiga kirish imtihonlaridan soʻng oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Vazirlikning bildirishicha, mazkur jarayon attestatsiya emas, balki eng avvalo, pedagoglar uchun oʻzini baholashga imkoniyatdir.

    «Sinovlarning asosiy maqsadi – oʻqituvchilarning real salohiyatini aniqlab, ular bilan manzilli ishlarni tashkil etish. Bilimi boʻlgan oʻqituvchilar uchun yana-da kengroq imkoniyatlarni yaratib bergan holda, ularga qoʻshimcha dars soatlarini ajratish orqali daromadlarini oshirish hamda kelgusida ularni malaka oshirishning muqobil shakllariga yoʻnaltirish.

    Oʻz navbatida, bilim saviyasi past boʻlgan oʻqituvchilar bilan manzilli ishlar belgilanadi. Ular uchun maxsus kurslar tashkil etilib, oʻz bilimlarini yaxshilab olishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bunda “onlayn kasbiy rivojlanish” loyihasiga alohida urgʻu beriladi.

    Biroq barcha yaratilgan imkoniyatlardan ham keyin oʻz ustida ishlamagan oʻqituvchilarni boshqa sohalarga yoʻnaltirish choralari koʻriladi. Bunday qatʼiy choralarsiz, maktab taʼlimi sifatini oshirib boʻlmas ekanligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz.

    Hozirgi karantin davrida, oʻz uyidan chiqmagan holatda “onlayn kasbiy rivojlanish” loyihasi hamda Davlat test markazining e-sinov portalidan keng foydalanishni tavsiya etamiz. Shunday ekan, barcha ustozlardan yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻz ustida ishlashlarini va izlanishlarini soʻrab qolamiz», deyiladi rasmiy xabarda.