Sirdaryo IES: modernizatsiya jarayonining uchinchi bosqichiga start berildi

    Energetika 11 Mart 2021 2794

    Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi Markaziy Osiyodagi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi eng yirik majmua hisoblanadi. Stansiyaning bugungi kundagi oʻrnatilgan quvvati 3 165 MVt ni tashkil qiladi.

    Prezidentimizning 2017-yil 29-dekabrdagi “Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida energobloklarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoyishiga muvofiq Rossiyaning “Silovыye mashinы” OAJ kompaniyasi tomonidan joriy yilda Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining toʻqqizinchi va oʻninchi energobloklari modernizatsiya qilinadi.

    Kuni-kecha modernizatsiya jarayonining uchinchi bosqichiga start berildi. Unda Rossiyaning “Silovыye mashinы” OAJ kompaniyasi hamda stansiyaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

    Modernizatsiyani amalga oshirish hisobiga energobloklarning samaradorligi oshadi, har bir energoblokning quvvati 325 MVt ga yetkaziladi, 1 kVt/s uchun shartli yoqilgʻi sarfi 40 grammga qisqaradi natijada yiliga 180 mln. kub metr tabiiy gaz tejashga erishiladi.

    - 2019-2020-yillarda uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi sonli energobloklarda modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, - deydi “Silovыye mashinы” OAJning generatorlarni modernizatsiya qilish boʻyicha ishchi guruhi rahbari Aleksey Terentyev. - Navbatdagi ikkita energoblokning modernizatsiya ishlari noyabr oyida toʻliq yakunlanadi va energobloklar toʻla quvvatga chiqariladi.

    “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati