Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarma va bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan yirik miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolingan.
Xususan, oʻzbek-tojik davlat chegarasining Xovos tumani Sharqobod mahallasi hududidan oʻtuvchi qismida tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan chegara sim toʻsiqlari ustidan uloqtirilgan 6 ta sumkani qabul qilib olayotgan vaqtda 1983 va 1990-yillarda tugʻilgan ikki nafar mahalliy fuqaro chegara naryadi tomonidan ushlangan.
Sumkalar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, ularning ichida 8 kg 314 gramm geroin va 54 kg 458 gramm opiy moddalari borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mahalliy maktablarning birida oʻqituvchi boʻlib ishlovchi, 1984-yilda tugʻilgan fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokuryerlar olib kelgan 14 kg 680 gramm opiy moddasini shartli xaridorga 180 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Hozirda ushbu jinoyatga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash boʻyicha tergov-tezkor harakatlar davom etmoqda.
Fuqarolardan bunday qonunbuzilish holatlari haqida Davlat xavfsizlik xizmatiga 1520 qisqa raqami orqali xabar berish soʻraldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.