Darhaqiqat, korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish demakdir.

BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyo iqtisodiyoti har yili korrupsiya sababli 2,6 trillion dollarni yoʻqotmoqda. Bu dunyodagi mavjud yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan koʻprogʻini tashkil etadi.

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash nodavlat tashkiloti — Transparency International tashkilotining 2020-yil boshida eʼlon qilingan reytingiga koʻra Oʻzbekiston 180 davlat orasidan 153-oʻrinni egallaganini koʻrishimiz mumkin. Bu esa bu borada hali qilinadigan ishlar koʻpliginidan dalolatdir.

Muloqotda Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari toʻgʻrisida batafsil toʻxtalib oʻtildi hamda bu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilishi, buning uchun, eng avvalo, har bir davlat tashkilotining oʻzi tizimidagi tashkilotlarda korrupsiyani oldini olish boʻyicha aniq harakatlarni amalga oshirishi, turli xavf-xatarlarni baholashi ulardagi korrupsiyaviy omillarni minimal darajaga tushirishi lozimligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida viloyat adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.

Xususan, qonun ijodkorligi sohasida 2020-yil davomida boshqarma va tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar va tahlillar natijasida qonunchilikni takomillashtirish maqsadida qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Adliya vazirligiga jami 65 ta taklif kiritilgan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining 57 ta qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan.

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholi, xususan, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik tuygʻusini shakllantirish, sohaga oid huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida viloyat adliya boshqarmasi va tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan jami 495 marotaba targʻibot tadbirlari, shundan 320 marotaba OAV orqali, 150 marotaba joylarda ogʻzaki targʻibot tadbirlari va 25 marotaba koʻrgazmali targʻibot tadbirlari shaklida amalga oshirildi.

Matbuot anjumani qizgʻin-savol-javoblar bilan yana-da qizgʻin tus oldi.

Shuningdek, tadbirda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yangi qabul qilingan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini, korrupsiyaga qarshi kurashish gʻoyalarini keng ommaga targʻib qilishdagi xizmatlari uchun bir guruh faol targʻibotchilar adliya boshqarmasining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida tadbir ishtirokchilari adliya faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Adliya organlari va muassasalari maʼmuriy binolarida jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning vakillarini qabul qilishda video va audioga yozib olish tizimi joriy etilganligi aks etgan bannerlar, har bir xodim ish stolida korrupsiyaga qarshi kurashish gʻoyasi ifodalangan targʻibot materiallarining mavjudligi ishtirokchilarning eʼtiborini tortdi va bu adliya organlarining ochiqlik va shaffoflik prinsipi asosida faoliyat olib borayotganining yana bir amaliy tasdigʻi boʻldi.

Xulosa oʻrnida aytganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ajralmas qismi sifatida davlatimiz rahbari va davlat hokimiyati organlarining doimiy nazoratida boʻlib turibdi. Mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari va xalqaro reytinglarda ijobiy oʻrinlarni egallash muhim hisoblanadi. Jamiyatning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ochiqlikni taʼminlash va murojaatlar bilan ishlash tizimini yana-da mustahkamlash korrupsiyaga qarshi murosasiz boʻlishning kafolati sanaladi. Mazkur tadbir ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi

Huquqiy taribot va maʼrifat boʻlimi