Sirdaryo viloyat hokimi Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 29 Aprel 2021 439

    Viloyat rahbari G‘ofurjon Mirzaev viloyat hokimligi «Qabullar uyi»da Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi (KUBA) raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Sirdaryo viloyat hokimiligi surati

    Delegatsiya tarkibida Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yun Djun Sok hamda «NURI Corporation» korporatsiyasi prezidenti Vang Jun Xo o‘rin olgan.

    Muzokaralar davomida ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi ekologik toza qadoqlash mahslulotlari ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni o‘rganish va ularning istiqbollari muhokama qilindi.

    Sirdaryo viloyatida bugungi kunda mazkur davlat bilan sanoat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Janubiy Koreyalik yirik kompaniya va tadbirkorlarning viloyat investitsion salohiyatiga qiziqishi kuchli.

    Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida Janubiy Koreya davlati bilan hamkorlikda 5 ta korxona o‘z faoliyatini yuritib kelyapti.

    Mazkur korxonalar tomonidan paxtachilik va to‘qimachilikga ixtisoslashgan agrosanoat majmuasi, zamonaviy koreya texnologiyalari asosidagi issiqxonalar, parfyumeriya mahsulotlari, sabzavotlar yetishtirish, transport moyi ulgurji savdosi kabi faoliyat turlari yo‘lga qo‘yilgan.

    2020-yilda Sirdaryo viloyatining Koreya Respublikasi bilan o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 9 million dollarga yetkazilib, shundan eksport 2 million dollar (20%), import 7 million dollar (80%)ni tashkil etganini qayd etish lozim. Eksport qilingan tovar va xizmatlarning asosiy qismi meva-savbzavot, dukkakli o‘simlik mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelsa, issiqxona metal konstruksiyalari, avtoextiyot qismlar, kimyoviy moddalar, maxsus texnikalar importda asosiy o‘rinda turadi.

    Uchrashuv avvalida mehmonlarga viloyatda transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish, sanoat va tadbirkorlikni jadal qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

    Viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev viloyatda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub aholining ham o‘z milliy an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, boyitishi hamda kelgusi avlodlarga yetkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganini alohida ta'kidladi.

    Muloqot chog‘ida biznes vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, kichik biznes sohasiga investitsiyalar jalb etish, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarida ham so‘z bordi.

    — Men O‘zbekistonning turli viloyatlarida bo‘lganman. Ularning orasida Sirdaryo - respublikaning nihoyatda qulay qismida joylashganligi, qulay transport tizimiga egaligi va infratuzilma ob'ektlariga boy ekanligi bilan ajralib turadi, — deydi Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon. — Koreyaning rivojlangan biror bir viloyati bilan Sirdaryoni doimiy bog‘lab qo‘yish bo‘yicha takliflar tayyorlayabmiz. Bu orqali koreyalik va sirdaryolik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish imkoniyati kengayadi.

    Bugungi kunda jaxondagi dolzarb muammolardan biri bu bir martalik polipropilen qadoqlash vositalarining atrof muhitga zarari yuqoriligi va ushbu mahsulotlar zararsizlantirish ko‘p vaqt talab etilishi barchamizga ma’lum. Bunday muammolar o‘z-o‘zidan yangi zamonaviy yechim topishga undaydi.

    Buni inobatga olgan holda, o‘zaro hamkorlik doirasida, Sirdaryo viloyati hududida ekologik toza qadoqlar ishlab chikarish loyixasi orqali atrof-muhitga zararini sezilarli ravishda kamayatirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.