Sirdaryo viloyat perinatal markazida uch nafar egizak dunyoga keldi

    Ijtimoiy hayot 8 Aprel 2021 838

    Shirin shaharidagi Mirzo Ulugʻbek mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Adham Aliyev va Zilola Ravshanovalar xonadonida uch nafar egizak farzand dunyoga keldi.

    — Bu ular uchun unchalik ham oson boʻlmadi. Joriy yilning 21-fevral sanasida xomiladorlikni 27-haftasida muddatdan oldingi tugʻruq xavfi tashxisi bilan viloyat perinatal markazining homiladorlar patologiyasi boʻlimiga yotqizilib, chaqaloqlar tugʻilgunga qadar nazoratda ushlab turildi. Onaga oliy toifali akusher-genekolog Rukiya Akmurzayeva tomonidan malakali tibbiy xizmat koʻrsatilib, davolash muolajalari oʻtkazildi. Olib borilgan davolash mulojalariga qaramay muddatidan oldingi tugʻruq sodir boʻldi. Uch egizakning tugʻilishida markazning malakali mutaxassislaridan boʻlgan birinchi toifali akusher-genekolog Shaxlo Xojayeva, oliy toifali neonatolog Sayyora Abdullayevalarning xizmatlari katta boʻldi, — deydi Sirdaryo viloyat perinatal markazi direktori Xanifa Zokirova.

    Chaqoloqlarga Muhammad, Abdulloh, Sulaymon deb ism qoʻyishdi. Muhammad 1.600 kilogramm, Abdulloh 1.854 kilogramm, Sulaymon 1.570 kilogramm vazn bilan tugʻildi.

    Ularga oliy toifali neonatologlar Sayyora Abdullayeva, Feruza Axmedova hamda Nazokat Davlatovalar tomonidan davo muolajalari oʻtkazildi. Ularning sogʻligi, oʻsishi va rivojlanishi bilan bogʻliq muammolar toʻla toʻkis bartaraf etilgach, Zilola Ravshanovaga uyiga chaqaloqlar bilan qaytish uchun ruxsat berildi.

    Bunday quvonchli xabar oʻtgan yilning avgust oyida ham Sirdaryoda kuzatilgandi. Oʻshanda ham, Shirin shahrida yashovchi Mamadaliyevalar olasida barvarakayiga uch nafar qizaloq tugʻilgan edi. Ularga ham mazkur markazning tajribali mutaxassislari tomonidan malakali tibbiy xizmat koʻrsatilgandi, deyiladi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati xabarida.