Sirdaryo viloyati Avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlariga ish qoʻzgʻatildi

    Sirdaryo viloyati avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlari amalga oshirgan boshlangʻich qiymati 37 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan davlat xaridlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi "Raqobat toʻgʻrisida"gi va "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonunlari hamda sohaga oid boshqa meʼyoriy hujjatlar ijrosi yuzasidan joriy yilning mart iyul oylarida oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

    Oʻrganishlar natijasida mazkur boshqarmaning tizim tashkilotlari: Boyovut, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos va Guliston tumanlarida joylashgan unitar korxonalari tomonidan oʻtkazilgan boshlangʻich qiymati 37 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan 67 ta xaridlarda Oʻzbekiston Respublikasi "Raqobat toʻgʻrisida"gi hamda "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonunlar talablari buzilganligi holatlari aniqlandi.

    Jumladan ushbu oʻtkazilgan davlat xaridlarida "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonunda belgilangan dastlabki malaka tanlovi, xarid qilish tartib-taomili, tanlashni oʻtkazish talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan. Shuningdek, "Raqobat toʻgʻrisida"gi Qonunda belgilangan savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar sodir etilgan.

    Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yoʻllari boshqarmasi tizim tashkilotlariga nisbatan tegishli tartibda ish qoʻzgʻatilib, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.