Sirdaryo viloyati drama teatri sahnasida “Moroshka”

    Madaniyat 10 Oktabr 2021 2007

    Sirdaryolik teatr muxlislariga “Peterburgning rus moʻjizasi” spektakli namoyish etildi.

    Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri jamoasi repertuarlarini tinimsiz boyitib boryapti. Teatr jamoasi 47-mavsumini boshladi.

    Teatrning toʻliq rekonstruksiya qilinishi nafaqat mahalliy ijodkorlar va sanʼat ixlosmandlarida, balki, xorijlik sanʼat ustalarida katta qiziqish uygʻotayotganligi shubhasiz.

    Jumladan, bugun Sankt-Peterburgdagi “Moroshka” qoʻshiq va raqs teatri ijodkorlari konsert dasturi bilan Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri sahnasida chiqish qildi.

    Tomoshabinlarga rus xalq cholgʻulari orkestri hamohangligida balet va vokalistlar ishtirokidagi “Peterburgning rus moʻjizasi” spektakli namoyish etildi.

    Mahalliy tomoshabinlar ayniqsa “Rus dalasi”, “Ismsiz balandlikda”, “Moviy koʻllarga qarayman” qoʻshiqlari va ajoyib raqslardan zavqlandi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur teatr 11 yillik faoliyati davomida jamoa xalqaro tanlovlarda mukofotlarni qoʻlga kiritgan (Jazoir, 2015 va Kavala, 2016), dunyoning 11 mamlakatida gastrollarda boʻlgan. Eʼtiborlisi, akademik musiqali teatr talablariga muvofiq ijro etilgan folklor asarlari asosida noyob konsert dasturini yaratgan.