Oʻzbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen hamda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev oʻrtasida Janubiy Koreya kompaniyalari va Sirdaryo viloyati oʻrtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliya-texnika sohalarida hamkorlikning hozirgi va istiqboldagi holatlari toʻgʻrisida muzokara boʻlib oʻtdi.
Ushbu uchrashuv davomida tomonlar viloyatda farmatsevtika sohasini yana-da rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi sohasi yoʻnalishida zamonaviy issiqxona barpo etish, mavjud mahalliy xomashyolardan keng foydalangan holda ishlab chiqarishni takomillashtirish uchun investitsiya kiritish, epidemiologik holat barqarorlashishi bilan Sirdaryo viloyatida Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes forum tashkil etish, Sardoba talafotidan zarar koʻrgan hududlarga gumanitar yordam koʻrsatish bilan birga ishsiz aholini bandligini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Muzokara davomida elchi Vitaliy Fen oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt yaʼni Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlanishi uchun bor kuch gʻayratini ayamasligi hamda Sirdaryo viloyati uchun yaqindan yordam berishga tayyor ekanligini aytib oʻtdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.