Insult kasalligini tezkor aniqlash yoʻli topildi

    Buyuk Britaniya olimlari tomonidan qondagi GFAP oqsili konsentratsiyasi yordamida insult kasalligi turini tezkor aniqlovchi tibbiy tahlil usuli yaratildi.

    Insult — miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi bilan kechadigan xavfli kasallik. U oʻlim koʻrsatkichi yuqoriligi boʻyicha dunyoda yurak-qon tomir va onkologik xastaliklardan keyingi oʻrinda turadi.

    Bu patologiyaning ikki turi mavjud — ishemik va gemorragik. Ishemik insult miyadagi qon tomiriga tromblar tiqilib qolishi, gemorragik turi esa miyaga qon quyilishi bilan farqlanadi.

    Tibbiy amaliyotda kasallikni tashxislashda asosan kompyuter tomografiyasi va magnit-rezonans tomografiya (MRT) texnologiyalaridan foydalanadi. Bu esa maʼlum vaqtni talab etadi.

    Buyuk Britaniya olimlari tomonidan qondagi GFAP oqsili konsentratsiyasi yordamida insult kasalligi turini tezkor aniqlovchi tibbiy tahlil usuli yaratildi. Ushbu tadqiqot natijalari Amerika yurak kasalliklari assotsiatsiyasi saytida eʼlon qilindi.

    Qayd etilishicha, ushbu yangi diagnostika usuli bemorni shifoxonaga olib borgunga qadar insult kelib chiqishiga qon quyilishi yoki qon ivishi sabab boʻlganini zudlik bilan aniqlash imkonini beradi.

    Tadqiqot davomida miyaga qon quyilishi qayd etilgan bemorlarda GFAP darajasi qon ivishi tufayli kelib chiqqan insultni boshdan kechirganlarga nisbatan qariyb yetti baravar yuqori boʻlishi oʻrganildi.

    Eʼtiborli jihati, yangi tashxis usulini bemor gospitalizatsiya qilinishidan avval qoʻllash mumkin. Tahlil javoblari bir necha daqiqada tayyor boʻladi.

    Bu esa tegishli muolajalarni tezkor ravishda boshlash va bemor hayotini saqlab qolish hamda kasallik asoratlarini kamaytirish imkonini beradi.