Har bir inson hayotida xato qiladi. Xatoning katta yo kichik bo'lishi esa, avvalo, o'ziga bog'liq. Xalqimiz kechirimli, bag'rikeng. Adashgan inson uchun har doim o'z hayot yo'lini to'g'irlash uchun imkon beriladi.
Prezidentimizning afv etish to'g'risdagi Farmoniga ko'ra, muddatidan avval ozodlikka chiqarilayotgan fuqarolarimiz davlatimizning kechirimlilik siyosati tufayli bugun o'z oilalari bag'riga qaytmoqdalar.
O'zbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo viloyati IIB 39-sonli manzil koloniyasidan 8 nafar fuqaro bugun ushbu muassasani tark etmoqda.
Ularga davlatimiz rahbari tomonidan yana bir bor imkon berildi, ishonch bildirildi. Xalqimizga xos olijanob fazilatlardan biri kechirimlilik tufayli ularning endigi taqdiri o'zgaradigan bo'ldi. Ozodlik sog'inchi bilan yashalgan qorong'u kunlari ortda qoldi.
Mamlakatimizda ulug ayyom va qutlug' sanalar arafasida insoniylikning oliy namunalaridan afvning qo'llanilishi hamyurtlarimizni endi hayit bayramini o'z oilalari bag'rida, to'kin dasturxon atrofida, ko'tarinki ruhda kutib olishadigan bo'lishdi. Muhimi, mazkur Farmon jinoyat sodir etgan, biroq qilmishining qonunga hilofligini anglagan va axloqan tuzalish yo'liga o'tgan insonlarning jamiyatga qaytishi uchun xizmat qiladi.