Sirdaryo viloyatida madaniyat va sanʼat sohasidagi bir qator rahbarlar ishdan olindi

    Madaniyat 17 Avgust 2021 1473

    Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining buyrugʻiga asosan tashkil etilgan ishchi guruh Respublikaboʻylab tizim tashkilotlari faoliyatini oʻrganib, tahlil etishda davom etmoqda.

    Xususan, joriy yilning 9-11-avgust kunlari Sirdaryo viloyati tizim tashkilotlari faoliyati oʻrganildi.

    Oʻrganish va tahlil natijasi muhokamasi yuzasidan Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov (ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdi), vazirlikning ijro apparati rahbari Jamoliddin Uzoqov, hamda ishchi guruhi aʼzolari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda madaniyat boʻlimlari, madaniyat markazlari, taʼlim muassasalari, teatrlar, konsert-tomosha faoliyatida normativ-huquqiy hujjatlar va ijro intizomi bilan ishlashda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan tashkilotlar faoliyati tanqidiy muhokama qilindi.

    Natijada, viloyatdagi 9-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi direktori, 5-, 8-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquv-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosariga, intizomiy chora — “hayfsan” eʼlon qilinib, boshqarmaning kadrlar boʻyicha bosh mutaxassisi ogohlantirildi.

    Bundan tashqari, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi viloyat boʻlimi rahbari, Viloyat musiqali drama teatrining kadrlar boʻyicha bosh mutaxassisi oʻz lavozimidan ozod etilib, teatrning bosh administratorining ishda qolish yoki qolmaslik masalasini qayta koʻrib chiqish belgilab qoʻyildi.