Sirdaryo viloyatida Sun Moon universitetining filiali tashkil etilishi mumkin

    Ta'lim 1 Fevral 2024 799

    Joriy yil 31-yanvarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov Koreya biznes assotsiatsiyasi raisi Edvard Kim va Chuxchxannamdo provinsiyasi investitsiyalar boʻyicha raisi Song Yeng-il boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

    Muloqot davomida joriy yil 25-26-yanvar kunlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilarining Koreya davlatiga tashrifi samaradorligi alohida qayd etildi.

    “Eurasia Networks Group” raisi Edvard Kim Koreyada tahsil olayotgan xorijiy talabalar orasida oʻzbekistonlik talabalar oʻz iqtidori, goʻzal xulqi va madaniyati bilan ajralib turishini eʼtirof etdi. Edvard Kim Sirdaryo viloyatida Koreyaning Son Mun universiteti filialini tashkil etish taklifini vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirdi. С.Бузрукхонов oʻz oʻrnida bunday tashabbusni vazirlik oʻrnatilgan tartibda qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlar ekan, kampus faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Sirdaryo viloyati tanlanganini maʼqulladi, negaki aynan Sirdaryoda Son Mun universiteti taklif etayotgan IT texnologiyalari, sunʼiy intellekt kabi dolzarb yoʻnalishlarda oʻqitish yoʻlga qoʻyilmagan.

    Sun Moon universitetida ishlab chiqarish bilan integratsiya yaxshi yoʻlga qoʻyilganini inobatga olib, Sirdaryo viloyatida tahsil etiladigan kampusda ishlab chiqarish tarmoqlariga tayyor mutaxassislarni yoʻlga qoʻyish maqsadida taʼlim klasterini tashkil qilish masalasi muhokama etildi. Tomonlar ilgari surilgan takliflar boʻyicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.