“Sirdaryo—Baxt” aylanma yoʻli quriladi

    Transport 9 Yanvar 2024 1694

    Avtomobil yoʻllari qoʻmitasida Saudiya Arabistonining “AL BAWANI” yirik qurilish kompaniyasi hamda “SAJCO” kompaniyasi rahbarlaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqot davomida “Toshkent—Termiz” yoʻnalishidagi M39 avtomobil yoʻlining umumiy uzunligi 38 km boʻlgan “Sirdaryo—Baxt” aylanma yoʻlini qurish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

    Bunda har ikki tomon ushbu loyihani amalga oshirish boʻyicha oʻz taklif va fikrlarini oʻrtaga tashladi.

    Ushbu loyihani amalga oshirish uchun mahalliy infratuzilmani oʻrganish nihoyatda muhim. Shu bois xorijiy hamkorlarga Sirdaryo viloyatiga borib, quriladigan obyekt bilan tanishish taklifi ilgari surildi. Yoʻlning necha tasmali boʻlishi hamda tezlik miqdorini belgilashda bu muhim omil.

    Maʼlumot uchun: yoʻl qurilishi sohasida faoliyat olib boruvchi har ikkala kompaniya moliya, yoʻl qurilishini loyihalashtirish, asbob-uskunalar ishlab chiqarish, suv toʻgʻonlari, kasalxona va aeroport qurilishi kabi yana bir qancha yoʻnalishlar boʻyicha yirik Xalqaro loyihalarni amalga oshirib kelyapti.

    “AL BAWANI” yirik qurilish kompaniyasi 1991-yildan buyon faoliyat koʻrsatib keladi, 250 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirgan, 10 mingdan ortiq ishchisi bor, deb xabar beradi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi matbuot xizmati.