Sirdaryoda 19 ta maktab attestatsiyadan o'tolmadi

    SHu yilning 13-14 yanvar` kunlari Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi va Xalq ta'limi vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh ta'lim sifatini oshirish bo'yicha bajarilayotgan ishlar samaradorligini o'rganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko'rsatish uchun Sirdaryo viloyatiga bordi.

    O'rganish yakunlari bo'yicha Guliston davlat universitetida o'tkazilgan yig'ilishda viloyatdagi umumta'lim maktablarining attestatsiyadan o'tkazilish holati hamda bu borada mavjud muammolar tanqidiy tahlil qilindi.

    — Ilg'or xorijiy tajribalar asosida umumiy o'rta ta'lim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan o'tkazish va akkreditatsiyalash jarayoni elektronlashtirildi, — dedi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev. — Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi attestatsiya o'tkazilishi belgilanib, ta'lim muassasalarining bevosita o'zini o'zi baholashda ishtirokini ko'zda tutadigan tartib joriy etildi. Ortiq qog'ozbozlik va ko'p vaqt sarflanadigan tekshiruvdan voz kechildi. Koronavirus pandemiyasi tufayli ta'lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayonini masofadan turib tashkil etish imkonini beruvchi “ONAKS” – elektron platformasi hamda onlayn akkreditatsiya reestri ishga tushirildi. SHunga qaramay yangi tartibga moslasha olmayotgan, mavjud ta'limi sifatini oshirish bo'yicha tashabbus ko'rsata olmayotgan maktab rahbarlari borligini ko'ryapmiz. Xususan, 2020 yilda Sirdaryo viloyatidagi 63 ta maktab attestatsiyaga jalb qilingan bo'lsa, shundan 43 tasi akkreditatsiyalandi. 19 ta maktab faoliyati esa qoniqarsiz deb topilgan.

    O'tgan yil davomida viloyatdagi 42 ta maktabda ichki va tashqi attestatsiya jarayonini tashkil etish holati o'rganilgan. O'rganish natijalariga ko'ra, hududiy hokimliklar va xalq ta'limi boshqaruv organlariga 20 ta taqdimnoma kiritilgan. Natijada mas'uliyatsizlikka yo'l qo'ygan 18 nafar rahbarga intizomiy choralar ko'rilgan. Xususan, ularning 2 nafari lavozimidan ozod etilgan bo'lsa, 7 nafariga hayfsan e'lon qilingan, 9 nafari majburiy malaka oshirishga yuborilgan.

    Inspektsiya mutaxassislari viloyatdagi ta'lim sifati past, sharoiti og'ir maktablarga borib, ularni muammolarni o'rgandi. Pedagoglar bilan uchrashib ularni qiynayotgan muammolar haqida suhbatlashdi. Mavjud ahvolni birgalikda yaxshilash bo'yicha yo'l xaritalari ishlab chiqildi.

    2021 yil davomida viloyatdagi 60 ta maktabda tashqi baholash jarayoni o'tkazilishi rejalashtirilgan.