Sirdaryoda 2 yashar bogʻcha bolasi tomogʻiga ovqat tiqilishi oqibatida vafot etdi

    Shu yilning 17-avgust kuni Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi bogʻcha tarbiyalanuvchisi tomogʻiga ovqat tiqilib qolishi oqibatida vafot etdi.

    Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Yuz.uz” ga maʼlum qildi.

    Maʼlumotlarga koʻra, holat shu yilning 7-avgust kuni soat 11:10 larda Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida sodir boʻlgan. “Yoʻldoshobod” MFYda joylashgan YATT “A,Z,A,” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 2022-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchisi I.S. (oʻgʻil bola) toʻsatdan vafot etgan.

    Sudga oid tibbiyot ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga koʻra, I.S.ning oʻlimiga nafas yoʻllarining ovqat massasi bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya sabab boʻlgani aniqlangan.

    Hozirda holat yuzasidan Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.