Tekshiruvlar viloyat hokimligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining viloyat boshqarmasi hamda tegishli idoralar hamkorligida amalga oshirildi. Uning asosiy maqsadi — xususiy bogʻchalarda bolalar salomatligi va xavfsizligiga daxldor sanitariya-gigiyena talablariga qay darajada amal qilinayotganini oʻrganishdan iborat boʻldi.
Tekshiruvlar davomida koʻplab muassasalarda sanitariya talablariga rioya etilmayotgani maʼlum boʻldi. Jumladan:
- 60 ta bogʻchaning oshxonasi taʼmirtalab holda ekani;
- suv taʼminotida uzilishlar mavjudligi;
- qoʻl yuvish uskunalari yetarli jihozlanmagani;
- xodimlar va bolalar belgilangan muddatlarda tibbiy koʻrikdan oʻtmagani;
- yotoq choyshablari va jihozlar eskirgani;
- ayrim xonalar va eshiklar taʼmirtalabligi aniqlandi.
Aniqlangan kamchiliklar asosida bir qator bogʻchalarning faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Bu choralar masʼullarni kamchiliklarni bartaraf etishga majbur qilish va bolalar uchun sogʻlom hamda xavfsiz muhit yaratishni taʼminlash maqsadida koʻrildi.
– Tekshiruv natijalariga koʻra, sanitariya norma va meʼyorlarini buzgan 329 nafar masʼul shaxsga nisbatan sud organlari tomonidan jami 333 million 480 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, — dedi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Hasanov.
Uning soʻzlariga koʻra, ilgari ham xususiy bogʻchalar rahbarlari uchun sanitariya-gigiyena talablari boʻyicha oʻquv-seminarlar oʻtkazilgan boʻlsada, ayrim tashkilotlarda talablarni buzish holatlari hali ham saqlanib qolmoqda.
Mutasaddilar taʼkidlashicha, bolalar sogʻlomligi — jamiyat sogʻlomligi demakdir. Shu bois sanitariya qoidalari va gigiyena talablariga rioya etish barcha taʼlim muassasalari uchun, ularning mulk shaklidan qatʼi nazar, majburiy hisoblanadi.
Hozirda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha maxsus ishchi guruhlar tashkil etilgan boʻlib, nazorat ishlari viloyat miqyosida davom ettirilmoqda.









