Sirdaryo viloyat hokimligi qabullar uyida viloyat hokimi oʻrinbosari M.Madirimov va Guliston shahar hokimi T.Dadaboyev Italiyaning “OPERA” va “INNOVANDO SRL” kompaniyalari prezidenti Paolo de Anjelisni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida viloyat hududidagi qurilish, obodonlashtirish, qishloq xoʻjaligi, sanoat va boshqa sohalarda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berib oʻtgan M.Madirimov, bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri boʻlgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Viloyatda ushbu muammoni yechimi sifatida chiqindilarni saralash, qayta ishlash va ularni utilizatsiya qilish uchun zamonaviy zavod qurilishi zarurligi aytildi.

Oʻz navbatida martabali mehmon, janob Paolo de Anjelis koʻtarilayotgan mazkur masala nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun jahon hamjamiyati oldida turgan jiddiy muammo ekanligini taʼkidladi va zavod qurilishida yaqin hamkor boʻlishini aytib oʻtdi.

Uchrashuv chogʻida Italiya tomoni Sirdaryo viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish, tashish, qayta ishlash va yoʻq qilish boʻyicha loyiha qiymati 40 million yevro boʻlgan klaster tizimini joriy etish uchun investitsiya kiritish taklifini bildirdi.

Muzokaralar yakunida Sirdaryo viloyatida “Zamonaviy chiqindilarni boshqarish tizimini yaratish konsepsiyasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.