Karantin davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonlari qabul qilindi.

 Sirdaryo viloyati bojxonachilari tomonidan mazkur farmonlarning ishlab chiqarish korxonalarida keng targ'ib qilish, shu bilan birga koronavirus pandemiyasi davrida ishchilarga yaratilgan sharoitlari o'rganilib, ularga huquqiy tushuntirishlar va amaliy yordamlar ko'rsatib kelinmoqda.

Karantin sharoitida barcha ehtiyot choralarini ko'rgan holda faoliyat ko'rsatayotgan «Wellfort» mas'uliyati cheklangan jamiyati viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxolaridan biri hisoblanadi.

Mazkur korxona o'z faoliyatini 2017 yilda boshlagan bo'lib, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik tovar aylanmasi hajmi 5,3 mln. AQSH dollaridan ortadi. Mahsulotlarining asosiy qismi Rossiya, Belarus`, Turkiya, Italiya hamda Niderlandiya davlatlariga eksport qilinadi. Bugungi kunda korxonada 1000 nafarga yaqin ishchilar karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilning o'tgan davri mobaynida 1,5 mln. AQSH dollarlik tovarlar eksport qilingan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining birlamchi extiyoji uchun zarur bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari jumladan un bilan ta'minlanishi juda ham muhimdir.

YAngier shahridagi “INTERGRAIN” mas'uliyati cheklangan jamiyati un mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirib keladi. Korxona tomonidan bir sutkada o'rtacha 245 tonna un ishlab chiqariladi. O'tgan davr maboynida 576,1 ming. AQSH dollarlik tovarlar eksport qilingan.

Bizning korxona YAngier shahridagi erkin iqtisodiy sanoat zonasida joylashgan, - deydi “INTERGRAIN” mas'uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Nurilxaq Akbariy. – Hozirda 150 nafardan ortiq ishchilar mehnat qilmoqda. Korxonamizda xodimlarning salomatligi va xavfsizligiga alohida e'tibor qaratiladi. Ayniqsa karantin davrida qonun-qoidalarga to'liq amal qilish ham burch, ham mas'uliyat.

Viloyatdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi bir necha o'nlab korxonalarning faoliyati ham davom ettirilmoqda.

Ana shunday korxonalardan yana biri YAngier shahridagi “SULPAK KOMPUTERS” mas'uliyati cheklangan jamiyatidir. Zamonaviy texnikalar yordamida MDF, laminat hamda akril kabi 50 xildan ortiq sifatli mahsulotlar ishlab chiqarayotgan ushbu korxonaning mahsulotlari ichki bozorda va chetga - qo'shni respublikalarga sotiladi. Korxonada 30 nafardan ortiq ishchilar mehnat qilishadi. O'tgan davr maboynida 64,8 ming. AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksport qilingan.

Iste'mol uchun hayotiy zarur ehtiyojlardan yana biri o'simlik yog'i hisoblanadi. Bu borada Sirdaryo tumanidagi “Baxt moy invest” xususiy korxonasi ham alohida o'rin tutadi. Bu korxonada 80 nafardan ortiq ishchilar mehnat qilayotgan bo'lib, bu erda bir sutkada qariyb 12 tonna yog' ishlab chiqariladi va ichki bozorda sotiladi.

Bugungi kunda ishlab chiqarish korxonalari to'la quvvat bilan faoliyat yuritib kelmoqda. SHu bilan birga aholining bandligi, salomatligi va xavfsizligiga alohida e'tibor berilmoqda.

 Anvar Karabaev,

Sirdaryo viloyati bojxona

boshqarmasi Axborot xizmati rahbari,

podpolkovnik