Sirdaryoda elektr qarmoq bilan baliq ovlagan fuqarolar qoʻlga olindi

    Noqonuniy ov oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 973 million 125 ming soʻmni tashkil etdi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi, DXX chegara qoʻshinlari, viloyat prokuraturasi va IIB JQB xodimlari hamkorligida Sirdaryo tumanida navbatdagi tezkor reyd oʻtkazildi.

    “Sholikor” suv isteʼmolchilari uyushmasi hududida oʻtkazilgan reyd davomida Sirdaryo daryosining ushbu qismida fuqarolar B.X. va N.A. elektr qarmoq orqali baliq ovlayotgani aniqlandi.

    Ular noqonuniy ovlangan 79 dona baliq va ov qurollarini Toshkent viloyati, Chinoz tumanidagi “Chinoz baliq bozori”ga olib ketishga uringan vaqtda toʻxtatib qolindi.

    Holat yuzasidan huquqbuzarlardan belgilangan tartibda tushuntirish xatlari olinib, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi.

    Noqonuniy ovlangan baliqlar va ov qurollari holatga huquqiy baho berilgunga qadar, vaqtinchalik saqlash uchun olib qoʻyildi.

    Shuningdek, huquqbuzarlikda foydalanilgan transport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 291-moddasi “v” bandiga asosan, belgilangan tartibda vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.

    Noqonuniy baliq ovlash natijasida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 34, 35-moddalari talablari buzilgan.

    Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 9-fevraldagi 80-son qaroriga asosan, 973 million 125 ming soʻmni tashkil etdi.

    Hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.