Mazkur klasterda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar, ambulatoriya konsultativ-diagnostika tibbiy xizmatlar kafolatlangan paket doirasida bepul, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmat turlari esa pullik asosida koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Eng, asosiyi 5 ta tibbiyot muassasani oʻz ichiga olgan tibbiyot klasterda bir vaqtning oʻzida bir necha turdagi tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi. Buning uchun yetarlicha shart-sharoit, zamonaviy tibbiy jihozlar kerak boʻladi.
Bu masala eʼtibordan chetda qolmadi. Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi unga tegishli boʻlgan bino va inshootlarni klasterga moslashtirish, rekonstruksiya qilish va yangi binolar qurish maqsadida Qishloq qurilish invest loyiha instituti tomonidan loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqdi.
— Ushbu loyiha smeta hujjatlari asosida bu yerda 100 milliard soʻmlik qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi, — deydi Guliston tibbiyot klasteri direktori Qodir Xotamov. — Ayni vaqtda mazkur klasterning 100 oʻrinli xirurgik binosida joylashgan 5 ta boʻlim kosmetik taʼmirdan chiqarildi. Loyiha qiymati 18 milliard soʻm boʻlgan, 100 oʻrinli terapiya binosi qurilib, foydalanishga topshirilgan, endokrinologiya boʻlimi uchun moʻljallangan binoda rekonstruksiya ishlari olib borilyapti. Joriy yil yanvar oyida esa 30 oʻrinli viloyat urush va mehnat faxriylari shifoxonasi shtatlari, xodimlari tibbiyot klasteri tarkibiga qoʻshildi va qoʻshimcha 30 oʻrinli kardiorevmatologiya boʻlimi ishga tushirildi.
Quvonarli tomoni, tibbiy klasterning xirurgik boʻlimlarida yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirish uchun 2021-yil oxiri va 2022-yil boshida 1 milliard 735 million soʻmlik zamonaviy tibbiy jihozlar keltirildi. Bu esa yuqori texnologik, jarrohlik amaliyotlarni poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan markazlarda emas Sirdaryoda bajarish imkonini beradi.
Gʻulom PRIMOV,
Sirdaryo viloyat
Sogʻliqni saqlash boshqarmasi
matbuot xizmati xodimi.