Yigʻilishda Prezident Sirdaryo viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayevdan viloyatdagi fermer xoʻjaliklari soni haqida maʼlumot soʻradi.

Viloyat hokimiga koʻra, ayni paytda Sirdaryoda 2684 ta fermer xoʻjaligi bor. Ular oʻrtacha 80 gektardan yer maydoniga ega.

Prezident bu maʼlumotdan soʻng hokimga shu yilning oʻzida har bir fermer 2 gektardan yerini 4 nafar yoshlarga boʻlib berishi boʻyicha topshiriq berdi.

“Har bir fermer 2 gektardan yerini yarim gektardan qilib, 4 nafar yoshlarga boʻlib bersin. Ular bu yerga istagan ekinini eksin, hech kim aralashmaydi. Shu orqali kamida 10 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan band qilgan boʻlamiz”, – dedi Mirziyoyev.