Viloyat hokimligi axborot xizmati rasmlari

Dastlab tadbirkor va fermer ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

80 nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar ishtirok etgan tanlovning tuman va shahar bosqichlarida oʻzlarining ishlab chiqargan mahsulotlarini namoyish qilib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 11 nafar tadbirkor va fermer ayollarimiz hududiy bosqichgacha yetib keldi.

Koʻrik-tanlov Nizomiga koʻra hakamlar hayʼati tomonidan baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan yangi ish oʻrinlari yaratish, eksport salohiyati, investitsiyalar jalb etish va shu kabi mezonlar alohida eʼtiborga olindi.

Shunga koʻra, ishbilarmon ayol maqomiga munosib koʻrilgan 1, 2, 3-oʻrinni olgan ishtirokchilar va turli nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.

Hakamlar hayʼatining xulosalariga koʻra, Sayxunobod tumanidagi “Olimjon qizi Shoiraxon” fermer xoʻjaligi rahbari Shoira Shamatova gʻolib deb topildi. Mazkur fermer xoʻjalikda bugungi kunda 10 dan oshiq doimiy, 50 ga yaqin mavsumiy ish oʻrni yaratilgan. Eʼtiborga molik tomoni, ularning 4 nafari “Ayollar daftari”ga, 3 nafari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.

Ikkinchi oʻringa Yangiyer shahridagi “Bekajon Yan” xususiy korxonasi rahbari Erkinoy Mamajonova loyiq, deb topilgan boʻlsa, uchinchi oʻrin Sardoba tumanidagi “Nurafshon dala sari” fermer xoʻjaligi rahbari Aysara Mamatqulovaga nasib etdi.

Shuningdek, “Zamonaviy tashabbuskor ayol”, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik koʻrsatgan fermer ayol”, “Investitsiyalarni jalb qilishda tashabbus koʻrsatgan ishbilarmon ayol” va “Eng yosh, faol ayol tadbirkor” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar ham aniqlandi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati.