Sirdaryoda madaniyat markazi ochildi

    Sirdaryo tumani Intilish mahallasidagi "Ziyo nur" madaniyat markazi qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

    Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi xabar berdi.

    Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, madaniyat xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    "Intilish" hamda unga yondosh yana 5 ta mahallada yashovchi 15 mingga yaqin aholiga xizmat koʻrsatuvchi ushbu maskanda 400 oʻrinli tomosha zali, toʻgaraklar, maʼnaviyat va mashgʻulot xonalari mavjud. Teatr, raqs, musiqa va estrada yoʻnalishlaridagi 6 toʻgaraklarga qariyb 500 nafar yoshlar jalb etiladi.

    Shuningdek, bu yerda Ozarbayjon milliy madaniyat markazi, "Bodom gullari" folklor etnografik xalq ansambli, "Gunesh" turk milliy estrada xalq ansambli, "Yoshlik" hamda "Doʻstlik" ashula va raqs xalq ansambllari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.