Sirdaryoda esa mazkur turdagi xastalik bilan xastalangan bemorlarning soni 10 600 nafardan ortiq boʻlib, ular dispanser nazoratiga olingan. Oxirgi 3 yil davomida esa bu turdagi xastalik bilan xastalangan bemorlar soni bir muncha ortgan.
Birgina, joriy yilning oʻzida cirdaryolik endokrinologlar tomonidan diabet va diabet oldi holatlari uchun viloyatning shahar va tumanlarida oʻtkazilgan maqsadli skrining tekshiruvlar jarayoniga 131 ming 638 nafardan oshiq aholi qamrab olinib, ularning 1 778 nafarida qandli diabet, 4 720 nafarida diabet oldi holati, 8 370 nafarida semizlikka moyillik holatlari aniqlangan.
Maʼlumki, sohadagi mavjud muammolarni hal etish va endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash maqsadida Milliy dastur doirasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, “Yoʻl xaritasi” belgilab olingan.
— Olib borilgan tadqiqotlar, oʻrganishlar natijasida viloyatimizda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni kelgusida 2-3-martaga oshishi mumkin, — deydi Guliston tibbiyot klasteri endokrinologiya-terapiya boʻlimi mudiri Xushnida Yassakova. — Bu holatni oldini olish maqsadida har bir hududdagi “salomatlik maktablari”da, mahallalardagi bemorlarga, shuningdek, diabetga moyilligi bor, ortiqcha vaznli aholiga kasallikni boshqarish oʻrgatilyapti. Misol uchun, shifoxonamizda “bolalar diabet maktabi” tashkil etilib, 1-6 yoshgacha diabeti bor bolalarning ota-onasiga, 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlarga diabet bilan yashashni oʻrgatish, yaʼni oʻz kasalligini boshqarish, insulin qabul qilish, toʻgʻri ovqatlanish, sport bilan shugʻullanishga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan.
Noyabr — “Qandli diabet” oyligi doirasida Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli koʻp tarmoqli markaziy poliklinikada hamda A. Navoiy nomli viloyat Axborot kompyuter kutubxonasida “Men qondagi qand miqdorini tekshirdim. Sizchi?” aksiyasi oʻtkazildi. Aksiya doirasida aholining 40 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan vakillari qonda qand miqdorini aniqlash hamda malakali endokrinolog koʻrigi va kerakli tavsiyalariga ega boʻlgandi. Bunday tadbirlar esa joylarda davom etyapti.
Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.