Shu yilning 17-iyun kuni soat 13-00 larda, “Neksiya-2” rusumli avtomashina Shirin shahar “M.Ulugʻbek” mahallasini “Nurobod” mahallasi bilan bogʻlab turuvchi “Janubiy Mirzachoʻl” kanalidan oʻtgan transport vositalarini oʻtishi uchun moʻljallangan koʻprik ustida boshqarib borayotib, boshqaruvini yoʻqotib yoʻnalishiga nisbatan chap tomondagi koʻprik toʻsinlariga urilib, “Janubiy Mirzachoʻl” kanaliga tushib ketgan.
Oqibatda “Neksiya-2” rusumli avtomashinasida boʻlgan haydovchi va 4 nafar yoʻlovchilar hodisa joyida choʻkib ketishgan.
Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Sirdaryo viloyati Favqulodda qutqaruv guruhi gʻavvoslari tomonidan olib borilgan tezkor qutqaruv ishlari davomida “Janubiy Mirzachoʻl” kanalidan haydovchi va 3 nafar yoʻlovchilarning jasadlari hamda “Neksiya-2” rusumli avtomashina topilib, suvdan olib chiqilgan.
Hozirda Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv guruhi gʻavvoslari tomonidan avtomashinada boʻlgan 1 nafar yoʻlovchini qidirib topish choralari koʻrilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.