Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlash natijasida tabiatga katta zarar yetkazildi

    Shu yilning 19–20-aprel kunlari Ekologiya vazirligi nazorat inspeksiyasi hamda Sirdaryo viloyati davlat ekologik inspektorlari hamkorligida Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatlariga qarshi nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan ushbu tadbirlarda daryodan umumiy uzunligi 1000 metrga yaqin boʻlgan, noqonuniy tarzda oʻrnatilgan 20 ga yaqin leskali toʻrlar yigʻib olindi. Ushbu toʻrlar belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.

    Shuningdek, elektr qarmoqdan foydalangan holda baliq ovlagan 2 nafar huquqbuzar qoʻlga olindi. Ulardan ashyoviy dalil sifatida 1 dona alyuminiy qayiq, motor, 2 dona akkumulyator, elektr qarmoq va tegishli ov qurollari, shuningdek, turli xildagi 21 dona baliq daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.

    Huquqbuzarlik natijasida tabiatga jami 368 million 437 ming 500 soʻm zarar yetkazilgan. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

    Ekologiya vazirligi yurtdoshlarimizni tabiiy zaxiralarni muhofaza qilishda faol ishtirok etishga, baliq ovlashda faqat belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilishga chaqiradi.