Oʻzbekistonda ham ushbu yoʻnalishni tartibga solishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan va ularga asosan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat litsenziyalanishi belgilab qoʻyilgan.

Lekin, bugungi kunda ayrim shaxslar tomonidan oʻrnatilgan tartiblarni gʻayriqonuniy tarzda chetlab oʻtib, kripto-aktivlar mayningi bilan shugʻullanish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruv davomida Boyovut tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat binosida noqonuniy mayning ferma faoliyat yuritayotganligi maʼlum boʻldi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy korxona ushbu MCHJ binosini 2 yil muddatga ijaraga olgan va u yerda 1491 komplekt mayning qurilmalari hamda 9280 dona videokartalardan foydalangan holda mayning ferma tashkil etgan.

Natijada 2020-yilning avgust oyidan buyon 7,7 mln. AQSH dollariga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgan.

Buning uchun masʼuliyati cheklangan jamiyat va xorijiy korxona rahbarlari oʻzaro til biriktirib, elektr tarmogʻiga ulanish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan tuzilgan shartnomada faoliyat turiga quyonchilik fermasi tashkil etish mazmunida soxta maʼlumotlar kiritishgan.

Foydalanilgan katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda toʻlovni amalga oshirishlari natijasida, ular tomonidan davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.