Noqonuniy ravishda qirgʻovul ovlagan fuqaro jazolandi

    Sirdaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan noqonuniy ov qilish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

    Bu haqda viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, viloyatning Mirzaobod tumanida oʻtkazilgan navbatdagi reyd tadbiri davomida fuqaro K.A. hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda ov quroli bilan 5 dona qirgʻovul otgani aniqlandi.

    Ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismi bilan tegishli bayonnoma rasmiylashtirilib, noqonuniy ovchi tomonidan hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar esa 3 million 750 ming soʻm deb belgilandi. Rasmiylashtirilgan bayonnoma, tuplangan hujjat esa Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzaobod tuman sudiga chora koʻrish uchun yuborildi.