Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi hamda Sirdaryo viloyati tashkil topganligining 60 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston davlatlarining Sirdaryo bilan chegaradosh viloyatlari oʻrtasidagi ham iqtisodiy, ham madaniy aloqalar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan forumda mazkur hududlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, oʻrta va yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbirda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev, Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov, Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyati investitsiyalar va davlat mulki boshqarmasi boshligʻi Sharifchon Axmedov, mahalliy va qoʻshni mamlakatlardan tashrif buyurgan yetakchi ishbilarmonlar hamda rasmiylar ishtirok etyapti.

Sirdaryo viloyatining geografik joylashuviga ahamiyat beradigan boʻlsak, shimolda Qozogʻiston Respublikasi Turkiston viloyatining Maqtaaral va Sariogʻash tumanlari, janubda Tojikiston Respublikasi Soʻgʻd viloyatining Istaravshan va Zafarobod tumanlari bilan chegaradosh. Bugungi kunda viloyat hududida 15 ming nafardan ziyod yaqin qozoq, 80 ming nafarga yaqin tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilib kelmoqda. Shu bilan birga viloyatdagi mavjud 314 ta maktabning 6 tasida tojik, 1 tasida qozoq tilida taʼlim beriladi.

Forumning ochilishida mahalliy va qoʻshni mamlakatlarning 200 ga yaqin yetakchi ishbilarmonlari, diplomatik korpus vakillari hamda rasmiylar ishtirok etdi. Unda soʻzga chiqqan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Maxmudaliyev chegaradosh qoʻshni davlatlar hududlari bilan oʻzaro madaniy, savdo-iqtisodiy aloqalar borasidagi raqamlarga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanishicha, Sirdaryo viloyatiga Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalari tadbirkorlari tomonidan 80 million dollardan ziyod investitsiyalar kiritilgan boʻlib, 20 dan ortiq loyihalar amalga oshirilgan. Bu orqali 1 000 dan ziyod aholi bandligi taʼminlangan. Bundan tashqari har oyda Qozogʻiston va Tojikistonning Sirdaryo bilan qoʻshni boʻlgan hududlaridan oʻrtacha bir yarim ming bemor davolanish maqsadida Guliston shahriga tashrif buyuradi.

Joriy yilda Sirdaryo viloyatining ushbu ikki mamlakat bilan oʻzaro tovar aylanmasi 136,2 million dollarni tashkil etdi. Oʻtgan 2022-yilda 38 million dollarlik mahsulotlar (ip-kalava, teri, poliz, dukkakli oʻsimliklar va keramik plitkalar, momiq va doka) ushbu davlatlarga eksport qilindi. 2023-yil yakuniga qadar eksport hajmini 60 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, yigʻilganlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan Sirdaryo viloyatidagi biznes muhiti, sarmoya kiritish istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Mehmonlar, shuningdek, viloyatda ishlab chiqarilayotgan 350 dan ortiq turdagi sanoat, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari koʻrgazmasi bilan ham tanishdilar.

Hukumat vakillari, hududlar rahbarlari va ishbilarmonlar oʻrtasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazilib, qoʻshma korxonalar yaratish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib olindi.

Forum doirasida Sirdaryo viloyati tashkil topganligining 60 yilligiga bagʻishlangan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, qovun sayli, gastronomik koʻrgazma, va qardosh millatlar vakillari ishtirokida badiiy kechalar tashkil etildi.

“Laylaklar oʻlkasi” nomli tasviriy sanʼat namunalari namoyishi, “Sirdaryo — kecha, bugun, ertaga” mavzusida viloyatning maʼnaviyati va maʼrifatini targʻib qiluvchi koʻrgazmali tadbirda ishtirok etgan mehmonlar serquyosh Sirdaryo zaminida yetishtirilgan qovun, sarxil mevalar hamda milliy taomlaridan bahramand boʻldi.

Tadbirlar Toʻra Sulaymon nomidagi amfiteatrda Sirdaryoning 60 yilligiga bagʻishlab tashkil qilingan teatrlashtirilgan musiqali konsert dasturi bilan davom etdi.

   “Sirdaryo” erkiniqtisodiyzonasivaQozogʻistonning “Krisralalmazgroup” kompaniyasi, YangiyershaharhokimligivaTojikistonning “UnitgpoupSirdarya” kompaniyasi, shuningdek, “Gulistonaluminpro” vaTojikistonningBadrqoʻshmakorxonasioʻrtasidaoʻzarohamkorlikniyoʻlgaqoʻyishboʻyichakelishuvMemorandumlariimzolandi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Forumning ikkinchi kunida Sirdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan qoʻshma korxonalar faoliyati bilan tanishiladi. Shuningdek, viloyat musiqali drama teatrida “Shiroq” spektakli va amfiteatr maydonida “Qardosh xalqlar doʻstligi” nomli konsert dasturi kun tartibidan joy olgan.