Sirdaryoda Oʻzbekiston-Xitoy universiteti va ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

    Ta'lim 5 Aprel 2023 1092

    Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Sinszyan ekologiya va geografiya institutining bir guruh olimlarini qabul qildi.

    Uchrashuv doirasida Prezident huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi va Sinszyan ekologiya va geografiya instituti hamkorligida 2023–2025-yillarda amalga oshiriladigan qiymati 500 ming dollar boʻlgan “Orol dengizi havzasining ekologik tiklanishida fotoelektr quyosh energiyasini foydalanish tajribasini qoʻllash va namoyish etish” innovatsion loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.

    Loyiha doirasida quyosh panellari ostida galofit, choʻl va shoʻrga chidamli oʻsimliklarni oʻstirish, quyosh panellari orqali olingan elektr energiyadan, jumladan, shoʻrlangan suvlarni tozalovchi maxsus texnologiyalarni qoʻllashda foydalanilish nazarda tutilgan. Shu yoʻsinda choʻllangan hududda hosil boʻladigan yashil qoplamalar qum boʻronlarining hosil boʻlishini oldini olishga xizmat qiladi.

    Ibrohim Abdurahmonov mazkur loyiha hamda Sinszyan ekologiya va geografiya institutining Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligi doirasidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Suhbat davomida, shuningdek koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama ilmiy-texnikaviy hamkorlikni faollashtirish boʻyicha ham fikr almashildi.

    Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida ekologiya, qishloq xoʻjaligi, suv muammolari, irrigatsiya yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy qoʻshma oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

    Uchrashuv yakunida Xitoy tomoni vazir I.Abdurahmonovni joriy yil avgust oyida Urumchi shahrida boʻlib oʻtadigan xalqaro forumda ishtirok etish uchun taklif etdi, deb xabar beradi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.