Qisqa fursatda, paxta-toʻqimachilik klasteri paxta xom ashyosini ekishdan, yetishtirishgacha, yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlab, undan tayyor mahsulot olishgacha boʻlgan jarayonlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, yuqori samaradorlikka erishdi. Ish, xizmat, qayta ishlash jarayonlari reja asosda yoʻlga qoʻyildi.
Yaqinda, mazkur paxta-toʻqimachilikka ixtisoslashgan klaster jamoasi, yana bitta yangilikka qoʻl oʻrdi. Ular oʻzlari yetishtirayotgan yarim tayyor xom ashyodan yogʻ va yogʻ mahsulotlarini ishlab chiqarish, yogʻ mahsuloti narxini arzonlashtirish maqsadida “SAYXUN COLD OIL” korxonasini qurib, uni ishga tushirdi. Ishlab chiqarish texnologiyasi Xitoy va boshqa qator davlatlardan keltirildi.
— Korxonani qurish, uni ishga tushirish jarayoni birdan, bir vaqtni oʻzida boʻlmadi, — deydi “SAYXUN COLD OIL” masʼuliyati cheklangan jamiyat bosh iqtisodchisi Ermonqul Xusanboyev. — Uni ishga tushirish uchun, “POLY TEX SIRDARYO” paxta-toʻqimachilik klasteri taʼsischilari tomonidan 29 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ sarflandi. Paxtadan ajratib olingan, texnik chigit qayta ishlanib, undan rafinalangan yogʻ mahsulotini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Kunlik, ishlab chiqarish quvvati, 85-90 tonnani tashkil etib, qayta ishlangan chigitdan 20 tonna rafinalangan yogʻ, kunjara va shulxa mahsulotlarini ishlab chiqaryapmiz. Aslida bu jarayonni boshlaganimizga uncha koʻp boʻlgani yoʻq. Tayyorgarlik, sinov jarayonlari muvaffaqiyatli tugatilgach keyingi bosqichlarni boshladik.
Hozir, mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan, kunlik yogʻ mahsulotlarining 15 tonnasi xitoydan keltirilgan qadoqlash uskunasi orqali 4,2 litrli bejirim idishlarga qadoqlanyapti. Qadoqlangan, rafinallangan yogʻ mahsulotlari birja savdosi orqali isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan boʻlsa, yaqinda yogʻni 1 va 3 litrli idishlarga qadoqlash, yogʻ ishlab chiqarish jarayonida, chigit tarkibidan ajratib olingan texnik sopistokdan sovun mahsulotini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyiladi.
Ishni bir maromda ketishi xomashyoga bogʻliq. Korxonaga texnik chigit mahsulotlari “POLY TEX SIRDARYO” paxta-toʻqimachilik klasteridan, qolaversa, viloyatning Sirdaryo, Guliston tumanidagi paxta-toʻqimachilik klasterlaridan keltirilyapti. Yaqinda qoʻshni Qozogʻistondan pista (kungaboqar) keltirilishi kutilyapti. Hamkorlik shartnomasi muvaffaqiyatli imzolangach, ming tonnadan ziyodroq pista (kungaboqar) keltiriladi. Bu esa “SAYXUN COLD OIL” korxonasining ichki bozorga pista (kungaboqar) yogʻlari bilan kirib borish imkoniyati yaratadi.
Korxonaning ishchi xizmatchilar soni esa 75 ta. Toʻla quvvat bilan ish boshlagach, ular soni yana 100 taga oshadi. Ish uch smenada olib borilib, dam olishlari va ishlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Gʻulom PRIMOV,
jurnalist.