Sirdaryoda Prezident maktabi oʻz faoliyatini boshladi

    Ta'lim 20 Noyabr 2021 1552

    Bugun Sirdaryo viloyatida Prezident maktabi ochildi.

    Ushbu maktabning oʻqituvchi va oʻquvchilardan iborat jamoasi joriy yil may-avgust oylarida shakllantirildi. Maktabda 144 nafar oʻquvchi tahsil olishni boshladi. Kelgusi yildan beshinchi sinflarga yana 24 nafar oʻquvchi qabul qilinib, umumiy 168 nafar oʻgʻil-qizlar taʼlim oladi. Ularga koʻp bosqichli sinovlar asosida saralab olingan 21 nafar mahalliy hamda 11 nafar xorijlik oʻqituvchi taʼlim beradi. Darslar har bir fan tasnifiga qarab jihozlangan sinf xonalarida Kembrij oʻquv dasturi asosida oʻtiladi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.

    — Yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” gʻoyasi ostida olib borilayotgan islohotlar oʻz samarasini beryapti, — dedi maktabning ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi. — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan taʼlim sohasida yangi tizimning joriy etilishi, oʻgʻil-qizlarimizga yanada izlanishga, chuqur bilim olishga turtki boʻlsa, sizu bizga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlardan toʻgʻri foydalanib, bor eʼtiborimizni yosh avlodning barkamol, har tomonlama yetuk, vataniga sodiq komil inson etib tarbiyalashga qaratishni taqozo etadi. Taniqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir” degan chuqur maʼnoli soʻzlari barchamizga bosh shiorga aylanishi lozim.