Sirdaryoda qabristonlar obodonlashtirilyapti

    Xovos tumanidagi “Xusnobod-Qahramon-Binokor” qabristonida “Qabristonlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish”ga bagʻishlangan viloyat seminari boʻlib oʻtdi.

    Qabriston - bizdan avval oʻtgan zotlarning xokipoylari oʻrin olgan moʻtabar manzil. Bunday joylarni obod etib, oʻtganlarga ehtirom maʼnosida asrash boqiy qadriyatlarimiz, qolaversa, dinimiz koʻrsatmasidir.

    Xovos tumanidagi «Xusnobod-Qahramon-Binokor» qabristonida “Qabristonlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish” ga bagʻishlangan viloyat seminari boʻlib oʻtdi.

    Seminarda viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, imom xatiblar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

    Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayevning Xovos tumaniga tashrifi chogʻida nuroniy keksa otaxonlar bilan boʻlgan suhbatida tumandagi qabristonlarni obod qilish boʻyicha takliflar kiritilgan edi. Ushbu taklif oʻzining amaliy natijasini uzoq kuttirmadi.

    Koʻp vaqt oʻtmasdan qabristonga boruvchi yoʻllar tekislanib, shagʻal yotqizildi. Yoʻl yoqalariga 5000 ga yaqin turli navli daraxt koʻchatlari ekildi.

    Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida qabriston hududida bir nechta ayvonlar, koʻchma oʻrindiqlar, asbob-uskunalar saqlash uchun omborxona hamda tahoratxona qurildi. 2,5 ming metr kub beton qoplamalari yotqizilib, qabrlar orasida yoʻlaklar barpo etildi.

    Eng asosiy muammo bu sizot suvlarining mavjudligi. Qabriston atrofida zovurlar qazilib, sizot suvlari ushbu zovurlarga yoʻnaltirildi. Barcha qabrlar begona oʻtlardan tozalanib, somon suvoq bilan qoplandi.

    Seminar davomida viloyatdagi barcha qabristonlarni tartibga keltirish, koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi. Xususan, barcha mozorlarni somon suvoq bilan qoplashga kelishib olindi.

    — Boshimga ogʻir kun tushganda men shu yerga kelardim, haydovchimga qabrlarni koʻrsatib soʻrardim: qani, qay biri haydovchi, qay biri hokim, koʻrsat? – derdim. U paytda men boshqa ishda ishlardim...

    Mulohaza qilib, aytardim mana bu qabrda rahbar, bunisida hokim, bunisida haydovchi yotibdi. Nima farqi bor, axir borar manzilimiz birku... Mana hayot... Shuning uchun koʻproq shu joylarga mehr qoʻysak yomon boʻlmaydi, — dedi viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev.

    Bu kabi tadbirlar viloyatdagi mavjud 164 ta qabristonda davom etadi. Guliston shahrida 3 ta, Yangiyer shahrida 1 ta, Shirin shahrida 1 ta, Oqoltin tumanida 7 ta, Sardoba tumanida 5 ta, Mirzaobod tumanida 17 ta, Sayxunobod tumanida 24 ta , Boyovut tumanida 24 ta, Guliston tumanida 23 ta, Xovos tumanida 17 ta, Sirdaryo tumanida 41 ta qabristonlar hashar yoʻli bilan obod etiladi.

    Viloyat hokimi viloyatimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizni yana-da jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va masʼuliyat koʻrsatib, bu yilgi “Navroʻz umumxalq bayrami”ni oʻtkazishda har yilgi Navroʻz sayllari oʻrniga keksalar holidan xabar olish, qabristonlarni obod qilish, muruvvat uyidagi bemorlarni qoʻllab-quvvatlash kabi ezgu amallarni bajarishga chaqirdi.

    Viloyat hokimligi Axborot xizmati