Sirdaryoda qalbaki valyuta sotayotgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro E.B. (muqaddam sudlangan) va boshqalar fuqaro M.X.ga Oqoltin tumanidagi “Sardoba” YPX maskani oldida 100 AQSH dollarlik kupyuradagi qalbaki 1 600 AQSH dollarini 10,2 mln soʻmga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

    Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar, qalbakiligini bilmagan holda qalbaki valyuta qimmatliklarini olib, uni keyinchalik oʻtkazgan shaxsning qilmishi ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

    Shu bois, oʻzaro hisob-kitoblarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi hisoblangan milliy valyutada amalga oshirish orqali oʻzingizni noqonuniy harakatlardan asragan boʻlasiz, — deyiladi xabarda.