Sirdaryoda Referens laboratoriyasi ishga tushadi

    Salomatlik 15 Sentabr 2020 540

    Sirdaryoda Turkiyaning PI “ALLES SAGʻLIK GROUP LLC” kompaniyasiga qarashli mashhur “KANI LAB” laboratoriyasiga oʻxshash Referens laboratoriya xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi bilan Turkiyaning PI “ALLES SAGʻLIK GROUP LLC” kompaniyasi oʻrtasida Sirdaryo viloyatida zamonaviy laboratoriya bunyod etish boʻyicha muzokara olib borildi.

    Unga koʻra Turkiyaning PI “ALLES SAGʻLIK GROUP LLC” kompaniyasiga qarashli “KANI LAB” laboratoriyasi 1,5 million dollar miqdorida viloyatga investitsiya kiritadi va Sirdaryo viloyat aholisiga namunali tibbiy xizmat koʻrsatuvchi Referens laboratoriya xizmatini yoʻlga qoʻyadi.

    — Turkiyalik hamkorlar bilan hamkorlikda yangi, zamonaviy laboratoriya xizmatini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Natijada kasalliklarga erta tashxis qoʻyish va aholiga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoni vujudga keladi. Qolaversa, mahalliy yoshlar ish bilan taʼminlanadi, — deydi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev.

    Eng quvonarlisi, endi Sirdaryoliklarning oʻta murakkab va yuqumli boʻlgan kasalliklarga tashxis qoʻydirish uchun poytaxtdagi laboratoriya xizmatlariga borishiga hojat qolmaydi. Muhimi, shu yerning oʻzida aniq tashxis qoʻyiladi va bemorga viloyatdagi tibbiy muassasalarning malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan namunali tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

    Gʻulom PRIMOV,
    Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.