Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo'limi xodimlari hamda DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Rossiya davlatidan Qozog'iston Respublikasi orqali O'zbekistonga o'tish uchun “Sirdaryo” chegara bojxona postiga “DAF” rusumliyuk avtotransport vositasini boshqarib kirib kelgan fuqaro SH.J.bilan og'zaki savol-javob o'tkazilib, avtotransport vositasi va unga yuklangan tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish davomida haydovchi SH.J. o'zining xatti-harakatlari bilan bojxona xodimlarida shubha uyg'otgan.
SHundan so'ng, yuk avtotransport vositasi postdagi mavjud “Rapissan” nomli “Inspektsion ko'rik majmuasi” (IKM) yordamida tekshirilib, olingan fotosuratlar tahlil qilinganda, yukxonasida yo'l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko'rsatilmagan tovarlar mavjudligi ma'lum bo'lgan.

“DAF” rusumli avtotransport vositasi post hududida belgilangan tartibda chuqur bojxona ko'rigidan o'tkazilganida yuk hujjatlarida ko'rsatilmagan hamda hujjatlarda ko'rsatilgandan ortiqcha bo'lgan xorijda ishlab chiqarilgan taxminiy qiymati 1,067 mlrd. so'mlik 123 turdagi jami 12 977 dona parfyumeriya (atir-upa)mahsulotlari va 61 turdagi 18 581 dona yo'l-yuk hujjatlarida ko'rsatilgandan ortiqcha avtomashina ehtiyot qismlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi