Sirdaryoda “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar sogʻligʻi mutaxassislar nazoratida

    Salomatlik 9 Iyul 2021 15992

    Sirdaryoda “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning ishsizlari ishli, hunarsizlari hunarli, sogʻligʻida muammosi borlar sogʻligʻini tiklab jamiyatda oʻz oʻrinini topyapti.

    Moddiy daromad manbasini yoʻqotgan, ishsiz ehtiyojmand aholi qatlamini qoʻllab-quvvatlash va “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan aholi qatlamini sogʻligʻini tiklash borasida Sirdaryoda xayrli ishlarga qoʻl oʻrildi.

    Avvaliga Sirdaryo viloyatida istiqomat qilib kelayotgan ana shunday aholi qatlami roʻyxati shakllantirildi va “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritildi. Roʻyxatdagi fuqarolar salomatligi bilan bogʻliq muammolar tibbiyot xodimlari tomonidan oʻrganib chiqildi.

    Oʻrganishlar natijasiga koʻra, ularda yurak, yurak qon –tomirlari bilan bogʻliq kasalliklar, neyroxirurgiya kasalliklari,bosh miya, oshqozon-ichak, koʻkrak qafasi, organizm tayanch va harakat aʼzolari va boshqa tez va tezkor davolash zarur boʻlgan onkologik va yondosh kasalliklar borligi aniqlandi.

    Bu kasalliklarni kelib chiqishiga oiladagi turli yetishmovchiliklar, ishsizlik, qoʻshimcha daromad manbasining yoʻqligi, nosogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollikni sustligi, yetarlicha vitaminga boy mahsulotlarni isteʼmol qilmaslik kabi koʻplab salbiy omillar sabab boʻlgan boʻlishi mumkin degan xulosaga keldi.

    Ular orasidan sogʻligʻida muammosi borlarni sogʻliqlarini tiklash boʻyicha Respublikamizdagi koʻzga koʻringan Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga oʻxshash Respublikamizdagi koʻzga koʻringan tibbiyot markazlari va Sirdaryo viloyatida joylashgan Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Kardiologiya, Onkologiya kabi tibbiyot muassasalar bilan hamkorlik bitimlari tuzildi. Shunga qarab, yurak, yurak qon-tomir, neyroxirurgiya, bosh miya, oshqozon-ichak, koʻkrak qafasi, organizm tayanch va harakat aʼzolar bilan bogʻliq koʻplab kasalliklar turini davolash, zaruratga qarab murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish ishlari yoʻlga qoʻyildi.

    Barcha xarajatlar esa viloyat, shahar, tuman hokimliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fond Sirdaryo viloyat boʻlimi qoshida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi kabi jamgʻarmalar va byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladigan boʻldi.

    Guliston shahrining “Namuna” mahallasidan 67 yoshli Xosiyat Tursunqulovaning, besh yildirki, tayanch va harakat aʼzolarida muammo bor. Yurishdan qiynaladi. Kutilmagan ogʻriq esa azob berardi. U kishiga koksartrozning 4 darajasi tashxisi qoʻyilgan. Faqatgina bu kasallikni davolashning birdan bir yoʻli endoprotezlash. Bu esa kattagina mablagʻni talab etadi. Yaqinda bu oila “Temir daftar”ga kiritilib, mutaxassislar oʻzaro maslahatlashib tayanch harakatidagi kasallikni bartaraf etish va endoprotez qoʻyish uchun mazkur fondning Guliston shahar boʻlimi qoshida ochilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan 19 million 200 ming soʻm ajratib berdi. Shunga asosan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining kattalar ortopediyasi boʻlimi, Sport travmatologiya boʻlimi vakillari hamda Sirdaryolik travmatologlar hamrohligida endoprotezlash amaliyotini oʻtkazdi.

    Kuni kecha Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining nevrotravmatologiya boʻlimida, Sirdaryolik travmatologlar Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali travmatolog va ortopedlari hamkorligida “Temir daftar”ga kirgan fuqarolardan yana ikki nafarida tayanch va harakat aʼzolari bilan bogʻliq, yaʼni chap oyoq boldir distal sohasi sinishi, ikkala chanoq son boʻgʻimi konsartrozining 3, 4- darajasi, tizza boʻgʻimlari osteoartrozi bilan bogʻliq jarrohlik amaliyotini mahorat darsi asosida oʻtkazdi va ularga endoprotez vositalarini qoʻyishdi.

    Bundan tashqari, ular Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi poliklinikasida tayanch va harakat aʼzolari bilan bogʻliq muammosi bor fuqarolar uchun qabul tashkil etdi. Ikki kun mobaynida 100 dan oshiq fuqarolarni tekshirib, zarur tavsiya va koʻrsatmalar berdi, zaruratga qarab shu yerning oʻzida amaliy yordam koʻrsatdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.