Yaqinda, 16-17-aprelda dispanser xodimlari uchun yana bir quvonchli xabar bor. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida joylashgan Bakulev nomidagi Qon-tomirlar jarrohligi markazidan, Endovaskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari doktori Petrosyan Karen Valerevich, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Xurshid Fozilov hamda Sirdaryo viloyat kardiologiya dispanseri Rentgen endovaskulyar xirurgiya boʻlimi mudiri, endovaskulyar xirurg Xurshid Xakimovlar ishtirokida navbatdagi mahorat darslari oʻtkaziladi.
Bugungi kunda yurak-qon tomir kasalliklari bilan bogʻliq kasalliklarni davolash, xavf omillarini korreksiya qilish, bemorlar orasida uchrayotgan oʻlim koʻrsatkichlarini kamaytirish masalasi eng dolzarb masalalardan biri boʻlib turibdi.
Sirdaryo viloyatidagi viloyat kardiologiya dispanserida yurak qon-tomir kasalliklari bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun bugungi kun talabiga javob bera oladigan shart-sharoit yaratildi. Sohaga ilgʻor innovatsion diagnostika vositalari tatbiq qilindi va yangi zamonaviy tibbiy jihozlar keltirilib oʻrnatildi. Bundan tashqari yurak koronar tomirlari bilan bogʻliq kasalliklar bilan kasallangan bemorlarda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Bu albatta yaxshi. Chunki bunday xizmatlarga muhtoj boʻlgan bemorlar viloyatda anchagina. Buni soha xodimlari yaxshi bilganligi bois, qisqa fursatda ana shunday, yurak qon -tomirlarida muammolari bor bemorlarni chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkazish, ularda murakkab jarrohlik amaliyoti yaʼni koronar qon tomirlariga stent qoʻyish amaliyotini oʻtkazmoqda. Ayni vaqtda ular oʻtkazgan murakkab jarrohlik amaliyotlarining soni 80 dan oshib ketdi.
Yaqinda mazkur dispanserda Endovaskulyar jarrohlik boʻlimi ochildi. Unga zamonaviy koronagrafiya apparati keltirilib oʻrnatildi. Shu bilan birga malakali mutaxassis masalasi ham hal etildi. Asli Sirdaryolik boʻlgan, Toshkent tibbiyot akademiyasini tugatib, Rossiyadagi Bakulev nomidagi yurak qon-tomir markazida ordinaturani tamomlab, oʻsha markazda aspiranturada tahsil olishi barobarida Moskva viloyatining Yegorovskiy shahridagi rayon shifoxonasining qon-tomir xirurgiya boʻlimida endovaskulyar mutaxassis boʻlib ishlayotgan Xurshid Xakimovni viloyatga keldi.
Oʻtkazilishi koʻzda tutilgan mahorat darsi va oʻquv-amaliy seminar treningda viloyatdagi barcha kardiolog va terapevt shifokorlarni ishtirok etishi viloyatda kardiologiya sohasiga boʻlgan eʼtiborni oshganligidan dalolat beradi.
Belgilangan rejaga asosan Rossiyadan va Toshkentdan kelgan olimlar Sirdaryolik mutaxassislar bilan hamkorlikda 4 nafar bemorning koronar qon-tomirlarida yuqori texnologik jarrohlik, stentlash amaliyotini, bir nafar bemorning oyoq qon-tomirlarida stentlash amaliyotini oʻtkazadi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.