Sirdaryoda yuqori tezlikdagi internet ishlaydi

    Mamlakatimizda 3 Dekabr 2021 2437

    Sirdaryo viloyati optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 4,45 ming kilometrga yetkazildi.

    Oʻtgan davr mobaynida Sirdaryo viloyatida internet xizmatlarining sifati va yuqori tezligini taʼminlashga xizmat qiluvchi optik tolali tarmoqning uzunligi 1,22 ming kilometrni tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda olib borilgan islohotlar natijasida 2020-2021-yillarda optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 4,45 ming kilometrga yetkazildi.

    Mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish hamda aholiga simli keng polosali ulanish xizmatlarini taqdim etishni rivojlantirish maqsadida 58,8 ming abonentga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan 35 ta zamonaviy telekommunikatsiya qurilmalari oʻrnatildi.

    Ayni paytda «Oʻzbektelekom» AK Sirdaryo filiali tomonidan qoʻshimcha ravishda zarur uskunalar olib kelinib, montaj va ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Shuningdek, 30 mingdan ortiq keng polosali portlar oʻrnatilib, ularning umumiy sigʻimi 123 mingga yetkazildi. Ushbu olib borilayotgan ishlar natijasida, viloyat boʻylab yanada koʻproq aholi uchun yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish va ulanish imkoniyati yaratiladi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.